Navoiy haqidagi jahon kutubxonalari xazinalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalar kitobi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan to‘rt jildlik «Alisher Navoiy ensiklopediyasi» nashrga tayyorlandi. (https://t.me/ANRUz/20615)

Qomusdan navoiyshunoslik masalalari, buyuk shoir asarlarining turli yillardagi nashrlari, ularning xorijiy tillarga tarjimalari, yurtimiz va jahon kutubxonalari xazinalarida saqlanayotgan qo‘lyozma hamda toshbosma kitoblari o‘rin olgan. Shuningdek, kitoblarda rassomlik, haykaltaroshlik, teatr, kino singari san’at turlarida Alisher Navoiy siymosining aks ettirilishiga doir maqolalar, ayrim lirik asarlarining ilmiy tahlillarini ham o‘qishingiz mumkin.

Unda Alisher Navoiy yashagan davrda Xuroson va Movarounnahrda adabiy hayotdagi ijobiy yuksalishlar, ularni yuzaga keltirgan omillar haqidagi maqolalarga keng o‘rin ajratildi. Bu esa yurtimizda kechgan Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansining hayotiy qudratini idrok qilish va unda Alisher Navoiyning tutgan o‘rnini atroflicha mushohada etish imkonini beradi.

Kitobga Husayn Mirzo hukmronligi ostidagi Xuroson poytaxti – Hirotda yashab mehnat qilgan turkiy qavmlar, ularning o‘ziga xos tabiati, urf-odatlari, saroyda tutgan mavqelari to‘g‘risida qator maqolalar kiritilgan. Shuningdek, ulug‘ shoir zamondoshlari, do‘stlari, u bilan hamnafas ijod qilgan qalam ahli va ularning ijodiy yo‘li borasidagi izlanishlar adabiyot muxlislari uchun hamisha qiziqarli bo‘lgan. Ensiklopediyada shoirning oilasi, qarindosh-urg‘i, do‘stlari, musohiblari, ustoz va shogirdlari, yaqinlari haqida ham ilmiy ahamiyatga molik ma’lumotlar yetarlidir.