Nazoratchilarni uyga kiritishim shartmi?
- Elektr tarmoqlari korxonasidan kelgan nazoratchilar uyimdagi hisoblagichni ko‘rib, tekshirishlarini aytishmoqda. Men esa qarzim yo‘qligini aytib, ularni ichkariga qo‘ymadim. O‘zi «aqlli hisoblagich» bo‘lsa, unga inson omili aralashmasligi kerak emasmi?
Nazoratchilar “schyotchik”ni tekshirish uchun uyimga kirishi shartligini ta’kidlashmoqda. Ularning bunga haqi bormi?
Qobil NAZAROV,
Samarqand shahri.
- Ha, bor. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili guvohnomasini ko‘rsatgan taqdirda, xonadondagi elektr energiyasini hisobga olish asboblarini soat 8:00 dan 20:00 gacha hech qanday qarshiliklarsiz ko‘rish huquqiga ega.
Elektr energiyasini hisobga olish asboblarini ko‘zdan kechirish uchun nazoratchi xodimni qo‘ymaslik dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Iste’molchi dalolatnoma bilan tanishishi shart. Iste’molchi dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda, dalolatnomada bu haqda tegishli yozuv qayd qilinadi. Iste’molchining dalolatnomani imzolashni rad etishi uni elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yishga asos bo‘ladi va bu haqda u xabardor etilishi lozim.
***
Shtati qisqarganlarga ham mukofot puli beriladimi?
- Korxonamda shtat qisqarishi munosabati bilan menga ogohlantirish xati berilgan edi. Ma’muriyat shuni bahona qilib bizga «premiya» bermayapti. Ogohlantirish muddati tugaguncha mukofot pullarini olishga haqlimanmi yo‘qmi?
Zokir BO‘RIYeV,
Kattaqo‘rg‘on shahri.
- Xodimlarga mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ogohlantirish berilishi ularni biror-bir mehnat imtiyozlari va kafolatlaridan mahrum qilishga asos bo‘lmaydi. Ogohlantirish muddati tugab, toki mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar xodimning mehnat munosabatlari avval qanday bo‘lgan bo‘lsa, shu holda qoladi. Biror-bir mehnat qonunchilik hujjatlarida ogohlantirish muddati davomida xodimlarni mehnat imtiyozlaridan mahrum qilish yoki ularning miqdorini kamaytirish haqida normalar ko‘rsatilmagan.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimlar ogohlantirish muddati davomida boshqalar qatori mukofot pullarini olishga va boshqa mehnat imtiyozlaridan foydalanishga haqli.
Savollarga huquqshunos Zafar QARShIYeV javob berdi.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.