“New tech Samarkand” to‘rt oyda 54 ming tonna asfalt ishlab chiqardi

Bugungi karantin sharoitida iqtisodiyotda barqarorlikni ta’minlash muhim sanaladi. Bu borada yirik soliq to‘lovchi tadbirkorlik sub’yektlari muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar karantin sharoitida sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini davom ettirmoqda.

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi “New tech Samarkand” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham karantin davrida faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Korxona soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

– Korxonamizga 2010 yilda asos solingan, – deydi “New tech Samarkand” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Behruz Salohiddinov. – Asosiy faoliyatimiz avtomobil yo‘llarini qurish, kapital va joriy ta’mirlash, rekonstruksiya qilish hamda asfalt ishlab chiqarishdan iborat. Joriy yilning o‘tgan davrida 54 ming tonna asfalt ishlab chiqardik. Umuman, yil davomida 600 ming tonna asfalt ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. 2020 yilning birinchi choragida 3 milliard 427 million 200 ming so‘m miqdoridagi soliqlarni to‘ladik. Karantin davrida davlatimiz tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari faoliyatimizni barqaror davom ettirish imkonini beradi. Bugungi kunda korxonamizda 261 kishi mehnat qilmoqda. Ishchi-xodimlarning salomatligini asrashga alohida e’tibor qaratganmiz. Jumladan, ishchilarning harorati muntazam o‘lchanmoqda, ular zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlangan. Hozirgi murakkab davrda ishlab chiqarishni to‘xtatmasdan mamlakatimiz iqtisodiyotiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan xursandmiz.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.