Noqonuniy qurilmalar olib tashlandi

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining viloyat hududiy shu’basi, “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK viloyat elektromagnit moslashuv xizmati hamda Samarqand shahar IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan radiomonitoring davomida Samarqand shahridagi Bog‘iston, Nafosat hamda Nayman mahallalarida yashovchi fuqarolar tomonidan o‘rnatilgan uch dona mobil kuchaytirgich (repeater) qurilmasidan noqonuniy foydalanilayotganligi aniqlandi.

Bu haqda Zarnews.uz’ga “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining viloyat hududiy shu’basi mutaxassisi R.Karimov xabar qildi. 

- Ushbu qurilmadan foydalanib kelayotgan fuqarolarning xonadonlaridan uskunalar olib qo‘yildi, - deydi R.Karimov. - Tadbir davomida fuqarolarga mobil kuchaytirgichlar Radiochastotalar bo‘yicha respublika Kengashining 2022 yil 23 avgustdagi 707-son qarorining texnik shartlari talablariga to‘g‘ri kelmasligi va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga zid ekanligi ma’lum qilindi. Ulardan qayta foydalanish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi tushuntirildi.