Notarius "yagona darcha" asosida xizmat ko‘rsatadi
Xususan, notarial xizmatlar ko‘rsatishning sifati va samaradorligini oshirish, notarial idoralardagi uzundan-uzun navbatlarning oldini olish maqsadida viloyatimizda ham 15 ta notarius, shunga mos ravishda kotib, notarius yordamchisi lavozimlari uchun shtat birliklari ajratildi. Shu bilan birga, notariuslar tomonidan notarial harakatlarni bevosita aholi punktlariga chiqqan holda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Davlat boji, gerb yig‘imi, huquqiy va texnik tusdagi boshqa yig‘imlar undirishning shaffofligini ta’minlash, shuningdek, aholini notariat tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda korrupsiya ko‘rinishlari paydo bo‘lishiga o‘rin qoldirmaslik uchun "Notarius" avtomatlashtirilgan tizimi orqali o‘tadigan elektron to‘lov – "Billing" tizimi joriy etildi.
Qarorga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilindi.
Vasiyatnomalarni imzolash jarayoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining "Notariat to‘g‘risida"gi qonuni 34-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda (agar fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra, bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa) bitim, ariza va boshqa hujjatlarni imzolash jarayonida majburiy audio va videoyozuvlaridan foydalaniladi.
Bundan tashqari, notarial harakatni amalga oshirish chog‘ida fuqarolarning zarur ma’lumotnoma va hujjatlarni to‘plash uchun idorama-idora yurishlarining oldini olish uchun notarial idoralar idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda "yagona darcha" tamoyili asosida faoliyat olib boradi.
Yana bir muhim yangilik shuki, 2019 yil 1 yanvardan boshlab notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning shaxsini aniqlash barmoq izlarini skaner qilish va ularni pasportdagi (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatidagi) biometrik ma’lumotlar bilan solishtirish orqali amalga oshiriladi.
F.XURSANDOV,
Urgut tumani 2-son davlat notarial idorasi notariusi.