Nuqul “shoh”, “shoh” deysanlar. Ularga oson emas...

Kunlarning birida Hindiston shohining qulog‘iga saltanatda isyon ko‘tarishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabar keldi. U “shamol qayerdan esayotgan”ligini aniqlash uchun saroydagi eng yaxshi ayg‘oqchilarini saroy yaqinida joylashgan, duradgorlar yig‘iladigan qovoqxonalarning biriga yubordi.

Har kuni kechqurun bu joyda mahalliy duradgorlar ovqatlanish uchun kelar ekan. Aynan shu joyda davlatdagi tartibsizliklar to‘g‘risida gap-so‘zlar bo‘lib turarkan. Boshqa duradgorlar qatori bu yerga shoh saroyining ro‘parasida yashaydigan bir duradgor ham kelardi. Qovoqxonaga kirib u “Biz qiynalib, qora chaqaga ishlab yurgan paytimizda, bugun ertalab soat sakkizda shoh yana boloxona ayvoniga chiqdi. Unga xotini har kungidek uzum yedirib qo‘ydi”, deb aytdi. Ayg‘oqchilar bu gaplarni eshitib, darhol saroy tomon ketishdi...

Ertalab saharda duradgorning eshigini taqillatishdi. Eshikni ochgan duradgor shoh saroyidagi munajjimlarni ko‘rib hayratlandi. Munajjimlar boshini egib, rammol yili hisobi bo‘yicha yulduzlar uni yangi shoh sifatida ko‘rsatganini, shu sababli ertadan boshlab u davlat hukmdorining vazifalarini bajarishga kirishishini ta’kidlashdi. Avvaliga duradgor ikkilandi, keyin mamnuniyat bilan rozi bo‘ldi va saroyga ko‘chib o‘tdi.

Uni yarim kecha, soat ikkida uyg‘otishdi. Yangi saylangan shoh boshida nima bo‘layotganini ilg‘amadi, xizmatkorlar “shoh” ibodatxonada turib, butun shohlik uchun muvaffaqiyatli kun bo‘lishi uchun tonggi ibodatni o‘zi o‘tkazishi kerakligini uqtirishdi. Ibodatdan so‘ng uni harbiy mashq qilish zaliga o‘tkazishdi, saroyning eng yaxshi kurashchilari bir necha soat davomida bellashtirishdi. Keyin esa o‘n nafardan ortiq kishilarni o‘lim jazosiga hukm etish to‘g‘risidagi hujjatga qo‘l qo‘yishi kerakligini aytishdi. Soat sakkizda uni nonushta qilish uchun qo‘yib yuborishdi.

Gandiraklab boloxona ayvoniga chiqib, endi kerilmoqchi bo‘lib turuvdi podshoning xotini yaqin kelib, bir dona uzumni unga yedirib qo‘ydi. Shoh xursand bo‘lib:

- Nonushta vaqti keldimi? - deb so‘radi.

- Ana shu sizning nonushtangiz edi shohim, - dedi shohbonu. - Shoh zohid bo‘lishi kerak, haqiqiy ishlar hali oldinda.

Ayvonda turib “shoh” o‘ylanib qoldi va to‘g‘rida turgan o‘z uyining tuynukchasiga ko‘zi tushdi va hamma narsani anglab yetdi.

Xuddi shu payt munajjimlar yetib keldi va unga yulduzlar aylanish holati o‘zgarib, uning shohlik qilish davri o‘tganini aytishdi. Boshidan tojni olib, uni saroydan kuzatib qo‘yishdi.

Kechqurun duradgor qovoqxonaga kelib, endi ovqatlanmoqchi bo‘lib turgan ekan, kimdir bugun shoh o‘zining ayvonida uzumdan to‘yib yeganligi haqida gapirishni boshlabdi. U joyidan turib, baqirib yuboribdi:

- Bu shohni tanqid qilishingizga yo‘l qo‘ymayman!

Shohlarga oson deb o‘ylamang, deganlari shu bo‘lsa kerak-da.

Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.