O‘zbekiston-Hindiston strategik sherikligi yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda

Tashrifning ikkinchi kuni “Rashtrapati Bxavan” saroyida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Hindiston davlat madhiyalari yangradi. Davlatimiz rahbari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yerda mamlakatimiz va Hindiston ommaviy axborot vositalari uchun qisqacha bayonot berdi.

Davlatimiz rahbari Hindiston Prezidenti va Bosh vaziriga taklif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni tarixiy rishtalar, o‘xshash an’analar, ma’naviy va madaniy yaqinlik bog‘lab turishini ta’kidladi.

Bugungi kunda Hindiston jadal rivojlanmoqda, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Uning qudratli davlat va iqtisodiyoti rivojlangan mamlakat sifatida jahondagi o‘rni tobora mustahkamlanmoqda. Ushbu mamlakat, ayniqsa, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, sanoat, dasturlash, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish sohalarida ilg‘or hisoblanadi.

Biz oliy darajadagi uchrashuvlarimiz natijasida faollashib borayotgan O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarining bugungi sur’atini yuqori baholaymiz. Ishonchim komilki, ushbu tashrif va samarali muzokaralarimiz mamlakatlarimiz strategik sherikligini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi, dedi Prezidentimiz.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehli shahridagi «Raj Gxat» yodgorligiga tashrif buyurib, hind xalqining milliy qahramoni Mahatma Gandi xotirasiga yoqilgan mangu olov yoniga gulchambar qo‘ydi.

Mohandas Karamchand Gandi Hindiston milliy ozodlik harakatining buyuk rahnamosi, «gandichilik» g‘oyasining asoschisidir. U o‘z vatanining milliy istiqloli uchun kurashgan va Hindistonda mustamlakachilikka chek qo‘ygan inson sifatida qadrlanadi. Mahatma Gandi tug‘ilgan kun – 2 oktyabr milliy bayram sifatida keng nishonlanadi. Mazkur yodgorlik majmuasi uning mamlakati va xalqi oldidagi xizmatlariga hurmat ifodasi sifatida bunyod etilgan.

Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat va siyosat arbobi xotirasiga hurmat bajo keltirdi, majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Haydarobod saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida ta’kidlanganidek, o‘zbek va hind xalqlarini tarixiy va madaniy mushtaraklik bog‘lab turadi, strategik sheriklikni rivojlantirish va ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mustahkam poydevor mavjud.

O‘zbekiston bilan Hindiston xalqaro maydonda, jumladan, BMT va ShHT doirasida bir-birining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqin.

Xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotiklarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, shuningdek, boshqa mintaqaviy va global tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsiya, transport, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modi muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdi.

Hindiston ulkan iqtisodiy imkoniyatlarga ega, sanoati rivojlangan mamlakat. Yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda turadi. Yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, dasturlash, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish sohalari rivojiga katta e’tibor qaratayotgan mamlakatimiz uchun Hindiston tajribasi va texnologiyalari muhim ahamiyatga ega. Hindiston uchun ham izchil rivojlanayotgan, investorlarni qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston istiqbolli hamkordir.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik mamlakatlarimiz munosabatlarining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Bugungi kunda O‘zbekistonda Hindiston sarmoyasi ishtirokida 145 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 58 tasi to‘liq xorij kapitali evaziga tashkil etilgan. 2018 yilning birinchi choragida Hindiston sarmoyasi ishtirokida 9 ta korxona tashkil etilgani hind ishbilarmonlarining mamlakatimizda faolligi oshayotganidan dalolatdir.

Prezidentimiz tashrifi arafasida o‘tkazilgan ikki mamlakat mutasaddi vazirlik va idoralari hamda ishbilarmon doiralarning qo‘shma biznes-forumida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod bo‘lgan sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Muzokarada savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, tibbiyot, farmatsevtika, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bu borada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ushbu tashrif o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Hindiston munosabatlariga yangi sur’at baxsh etishi ta’kidlandi. Bunda ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish alohida ahamiyatga ega.

Nyu-Dehlida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida imzolangan hujjatlarni o‘zaro almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston-Hindiston muloqoti yakunida ikki mamlakat hamkorligini turli sohalarda yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan 20 ta hujjat imzolangani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hindiston Respublikasi Bosh vazirining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish, turizm, qishloq xo‘jaligi, fan-texnika va innovatsiyalar, koinotni tadqiq etish va undan tinchlik maqsadlarida foydalanish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot ilmi sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar imzolandi.

Bundan tashqari, harbiy ta’lim, huquq va adliya, farmatsevtika sohalaridagi munosabatlarni rivojlantirishga doir o‘zaro anglashuv memorandumlari qabul qilindi. Imzolangan hujjatlar orasida O‘zbekiston – Hindiston ishbilarmonlik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Andijon viloyati bilan Hindistonning Gujarat shtati, Samarqand va Agra shaharlari o‘rtasida hamkorlik va sheriklikni yo‘lga qo‘yish, Andijon shahrida Erkin farmatsevtika zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumlari alohida ahamiyatga ega.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Hindiston bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratishi, amaliy ruhda o‘tgan muzokaralar tomonlarning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlaganini ta’kidladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib olingani qayd etildi.

An’anaviy do‘stlik ruhida o‘tgan bugungi muzokaralar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaati yo‘lida intilishlarimiz qat’iy ekanini ko‘rsatdi. Ochiqlik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarga hurmat asosida qaror topgan hamkorligimiz mustahkamlanib borayotganini yuksak qadrlaymiz, dedi davlatimiz rahbari.

Biz O‘zbekiston Prezidenti bilan mamlakatlarimiz hamkorligini har tomonlama muhokama etib, uning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldik. O‘zaro savdoda preferensiyalar qo‘llash, axborot texnologiyalari, hududlararo hamkorlik va boshqa qator masalalar bo‘yicha samarali kelishuvlarga erishdik, dedi Hindiston Bosh vaziri.

Davlatimiz rahbari hind xalqiga yuksak hurmat-ehtirom ramzi sifatida Narendra Modiga buyuk mutafakkir Robindranat Tagorning o‘zbek tilida chop etilgan 8 jildli asarlar to‘plamini sovg‘a qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Nyu-Dehli shahrida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sushma Svarajni qabul qildi.

Muloqotda davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yilda tomonlarning intilishi natijasida o‘tkazilgan uchrashuvlar, qator delegatsiyalar almashuvlari davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani yuqori baholandi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishda Svaraj xonimning xizmatlari katta ekanini qayd etar ekan, oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlarda yangi davrni boshlashga, ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehli shahrida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Hindiston Respublikasi vitse-prezidenti, senat raisi Venkaya Nayduni qabul qildi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz aloqalarini rivojlantirishning turli jihatlari, o‘zaro hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalari xususida fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari «Rashtrapati Bxavan» saroyida Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovind bilan uchrashdi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi. Ushbu tashrif, unda erishilgan natijalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixidan muhim o‘rin egallashi va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishi muqarrar.

Matnazar Elmurodov, O‘zA

Toshkent-Nyu-Dehli-Toshkent