“Ochiq eshiklar kuni”da talabalar soliq organlariga ishga qabul qilish tartibi bilan tanishdi

Viloyat davlat soliq boshqarmasida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Tadbirda soliq organlariga ishga kirish istagida bo‘lgan bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.

Dastlab, boshqarmada yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. So‘ngra soliqchilar va talabalar o‘rtasida davra suhbati uyushtirildi. Unda talabalar soliq boshqarmasiga ishga kirish va ishlash tartibi haqida to‘liq ma’lumot oldi.

Davra suhbatida viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshliqlari - G‘ayrat Matsapayev, Yorqin Mamatov davlat soliq xizmati organlariga ishga qabul qilish tartibi, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishda shaffoflikni ta’minlash, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xususida atroflicha so‘z yuritdi.

Davra suhbatida nafaqat institut talabalari, balki professor-o‘qituvchilar ham faol qatnashdi. Fakultet dekani Olim Pardayev talabalarning amaliyotini yanada samarali tashkil etish masalasini ilgari surgan bo‘lsa, iqtisod fanlari doktori, professor Jahongir Zaynalov soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda “Zukko soliqchi”, “Zukko talaba” kabi tanlovlar o‘tkazish taklifini bildirdi.