Olimpiada mash’alasi estafetasiga 25 mart kuni start beriladi

Tokio Olimpiadasi tashkilotchilari Olimpiya mash’alasi estafetasi 25 mart kuni rejalashtirilgan tarzda boshlanishini tasdiqladi, deb xabar bermoqda Reuters.

Estafeta Fukusima prefekturasidagi sobiq «J-Village» futbol o‘quv markazida boshlanadi. "Fukusima-1" AESidagi avariyadan so‘ng bu joy likvidatorlar ehtiyojlari uchun ishlatilgan, keyin "Fukusima-1" AES va unga tutash hududlarda radiatsiya kamaygani sari ushbu inshoot mahalliy aholi ehtiyojlari uchun ishlatila boshlandi. Ushbu joyda mash’ala estafetasining boshlanishi - 2011 yilgi zilzila va sunamidan keyin Fukusima prefekturasi va mamlakatning shimoli-sharqini tiklash ramzini anglatadi.

Ta’kidlanishicha, marosim va estafetaning birinchi qismi koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar tufayli tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

"O‘yinlar tashkilotchilari Olimpiya mash’alasi estafetasi paytida tomoshabinlar, mash’ala ko‘targanlar, xodim va estafetaning boshqa ishtirokchilari, shuningdek, mahalliy aholi o‘rtasida har qanday infeksiya tarqalishining oldini olish uchun zarur choralar ko‘rish orqali xavfsizlikni ta’minlashga tayyor", deyiladi tashkiliy qo‘mitada bayonotida.

121 kun davomida estafeta Yaponiyaning barcha 47 prefekturalari bo‘ylab o‘tadi va 23 iyulda - Olimpiada ochilishi o‘tkaziladigan Tokioda tugaydi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi va Tokio o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi 2020 yil mart oyining oxirida koronavirus pandemiyasi sababli Yozgi Olimpiya o‘yinlarining 2021 yilga qoldirilishini e’lon qildi. Ayni paytda musobaqa 2021 yil 23 iyuldan 8 avgustgacha davom etishi rejalashtirilgan. Ushbu Olimpiya o‘yinlari sport turlari bo‘yicha (33 tur) va o‘ynaladigan medallar to‘plami bo‘yicha (339) eng katta bo‘lishi kutilmoqda. Dastlab 10-12 ming sportchi ishtirok etishi rejalashtirilgan edi, ammo koronavirus tufayli bu raqam ikki baravar kamayishi mumkin. Chet ellik mehmonlar ishtirokida o‘tkaziladimi yoki faqat yaponiyalik tomoshabinlar bilanmi yoki umuman tomoshabinlarsiz o‘tkaziladimi, degan savollar hozircha ochiq qolmoqda.

G.Xoldorova tayyorladi.