"Parij-2024": Bugun samarqandlik yunon-rum kurashchisi Islomjon Bahromovga muxlislik qilamiz
Bugundan Parij shahrida o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida sport kurashlari bo‘yicha bellashuvlar boshlandi. Ushbu kun doirasida O‘zbekiston delegatsiyasidan bir nafar yunon-rum kurashi ustasi Islomjon Bahromov -60 kg vazn toifasida gilamga chiqadi.
Islomjon Bahromov 1995 yil 17 iyul kuni Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. Respublika olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchisi. 2014 yildan turli yosh toifalaridagi musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Samarqand viloyati IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimi.
Murabbiylari Ravshan Ro‘ziqulov va Elmurat Tasmuradov. 2017 yil Ozarbayjonda o‘tgan Islom birdamligi o‘yinlarining kumush, Turkmaniston mezbonlik qilgan jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarining bronza medali sohibi. Qit’a birinchiliklarida 1 ta oltin va 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgan.
2023 yil Serbiyada o‘tgan jahon chempionatida -60 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritib, "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘lgan.
Bahromov uchun bu faoliyatidagi debyut Olimpiada bo‘ladi va dastlabki bosqichda kelib chiqishi eronlik Jamal Valizodaga qarshi gilamga chiqadi. Ushbu dastur bugun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlanadi.
Islomjonga omad tilaymiz!