Samarqandda asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichiga start berildi

Samarqand shahridagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabida asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi boshlandi.

Unda akademik litseylar, Prezident maktabi hamda olimpiadaning tuman (shahar) bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 2261 nafar 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etadi. Shu jumladan, o‘tgan o‘quv yilida olimpiadaning viloyat bosqichida faqat 1-o‘rinni egallagan 28 nafar o‘quvchi ham qatnashadi.

Dastlab birinchi guruh fanlari, ya’ni matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatikadan 30 noyabrga qadar asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi guruh fanlari, ya’ni ona tili, rus, tojik, ingliz, nemis, fransuz tillari, tarix, davlat va huquq asoslari, geografiyadan fan olimpiadasi joriy yilning 2-4 dekabr kunlari o‘tkaziladi.

2024 yilning 30 noyabr va 1 dekabr kunlari xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasining birinchi saralash bosqichi ham bo‘lib o‘tadi.

Nizomga ko‘ra, olimpiadaning viloyat bosqichda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga 1-o‘rin uchun 2 250 000 so‘m, 2-o‘rin uchun 1 500 000 so‘m, 3-o‘rin uchun 1 125 000 so‘m miqdorida mukofot puli beriladi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.