Parij-2024: Safina Sa’dullayeva finalda, kamonchilarimizdan mag‘lubiyat, Alisher Yusupov chorak finalda yutqazdi
Safina Sadullayeva yengil atletikachilarimizning "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini boshlab berdi. Balandlikka sakrash dasturining saralash bosqichida ishtirok etgan hamyurtimiz V guruhida 1.95 metr natija qayd etdi. Mavsumdagi eng yaxshi natijasini ko‘rsatgan Sa’dullayeva shu tariqa 4 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan final dasturiga yo‘llanma oldi.
Kamonchilarimiz keyingi bosqichga o‘ta olmadi
Olimpiya o‘yinlarida kamondan otish sportida debyut qilgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun musobaqa nihoyasiga yetdi. Bugun aralash juftlik dasturining 1/8 finalida ishtirok etgan Amirxon Sodiqov hamda Ziyodaxon Abdusattorova juftligi Bredi Ellison va Kezey Kauxold (AQSh) tandemiga 0:6 hisobida imkoniyatni boy berdi va o‘z ishtirokini tugatdi.
Alisher Yusupov chorak finalda yutqazdi
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Alisher Yusupov Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini muvaffaqiyatli boshlagan edi. U slovakiyalik Marius Fizelni yengib, chorak finalga chiqdi. Ammo chorak finalda Golden Score’da uchinchi shido evaziga tojikistonlik raqibiga yutqazdi.
Endi Yusupov kechgi dasturda to‘g‘ridan-to‘g‘ri bronza medali uchun kurashadigan bo‘ldi. Sababi, uning o‘tish bosqichidagi raqibi, gruziyalik Guram Tutashvili musobaqadan chetlatildi.
Medal uchun bahsda Yusupovga yaponiyalik Tatsuru Saito va janubiy koreyalik Kim Min Jong o‘rtasidagi bahsda mag‘lubiyatga uchragan sportchi raqiblik qiladi.