Boks: Sitora Turdibekova Olimpiadada tayvanlik "erkak"ka qarshi jang qiladi
Sitora Turdibekova avvalroq Xalqaro boks assotsiatsiyasi tomonidan jahon chempionatidan chetlashtirilgan Lin Yuytinga qarshi ringga chiqadi. XOQ transgenderlarning ishtiroki halollik va adolatning namoyon bo‘lishi deb qaror qildi.
Boks bo‘yicha Olimpiadaning 60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida birinchi bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan o‘zbekistonlik sportchi Sitora Turdibekova chorak finalga yo‘l oldi. Bu bosqichda u Tayvan vakili Lin Yuytinga qarshi jang qiladi.
Biroq Lin Yuytinning ayollar musobaqasida ishtirok etishi jamoatchilik orasida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. 2023 yilda Lin Yuytin qabul mezonlariga javob bermagani uchun Hindistonda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati vaqtida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan musobaqadan chetlashtirilgan edi. Gender testi natijasida sportchida XY xromosomalari (erkak xromosomalari) borligi isbotlangan.
2024 yilda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Lin Yuytinni ayollar musobaqalariga qabul qildi. XOQ, shuningdek, sportchini IBA’ning to‘satdan va o‘zboshimchalik bilan qabul qilgan qarori qurboni deb atadi.
"Ushbu ikki sportchiga nisbatan agressiya (ikkinchisi, jazoirlik Iman Xelif) butunlay tartibsiz qabul qilingan qarorga asoslangan. Ayniqsa, bu sportchilar ko‘p yillardan buyon ayollar toifasida yuqori saviyada ishtirok etib kelayotganini hisobga olsak", — deyiladi XOQ bayonotida.
XOQ bayonotida, shuningdek, sportchilarning jinsi va yoshi "pasportlari asosida belgilanishi" va bu qoidalar kvalifikatsiya davrida ham qo‘llanilishi qayd etilgan.
"Davom etayotgan musobaqalarda tanlov qoidalari o‘zgarmasligi va qoidalarga har qanday o‘zgartirishlar tegishli tartiblarga muvofiq va ilmiy dalillarga asoslangan holda amalga oshirilishi kerak", - deyiladi bayonotda.
Sitora Turdibekova va Lin Yuytin o‘rtasidagi jang bugun, 2 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:30 da boshlanadi.
Ko‘ramiz, kuzatamiz va Sitoraga "Faqat, olg‘a, sen g‘alaba qozonasan!", deb qolamiz.