Ellikdan ortiq jang o‘tkazib, biror marta yengilmagan bokschi qiz Olimpiada chempioni bo‘lmoqchi
Qahramonimiz Kattaqo‘rg‘on shahridagi Qo‘shhovuz mahallasida yashovchi, boks bo‘yicha ayollar terma jamoasi a’zosi, to‘rt karra O‘zbekiston, ikki karra Osiyo va jahon chempioni, 17 yoshli Sevara Mamatova.
U besh yoshidan boksga qiziqqan va yetti yoshidan boshlab otasi hamda treneri Furqat Mamatov qo‘li ostida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.
- Otamga havas qilib, boksni tanlaganman, - deydi Sevara Mamatova. – Dadam qiziqishimni ko‘rib, o‘g‘il bolalar qatori menga ham mashg‘ulot o‘tardi. Yoshlimgimda o‘g‘il bolalar bilan birga shug‘ullanganim uchun qiyinchilik bo‘lardi, lekin inson qiyinchilik va mehnatsiz yaxshi natijaga erishishi qiyin. Faoliyatim davomida 50 dan ortiq jang o‘tkazib, O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempioni bo‘ldim. Albatta, erishayotgan yutuqlarimda sportchilarga yaratilgan shart-sharoitlar muhim ahamiyatga ega hamda otamning alohida xizmatlari katta. Eng katta maqsadim – Olimpiada chempioni bo‘lib, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish.
- Ikki qiz va bir o‘g‘lim bor, - deydi Sevaraning otasi va treneri Furqat Mamatov. – Sevara biroz erkaroq, lekin shijoatli, qo‘rqmas edi. Unga doim mehnat qilsang, maqsading yo‘lida harakatdan to‘xtamasang, yaxshi natijaga erishasan, dunyoni ko‘rasan, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarasan, deb doim qo‘llab-quvvatlayman. Mana, qizim o‘g‘il bolalardan kam emas, ishonchimizni oqlayapti - musobaqalarda hali yengilmadi, faqat birinchilikni qo‘lga kiritib kelyapti. Qozog‘istonda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo, Armanistonda yoshlar, qizlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon hamda o‘tgan yil Birlashgan Arab Amirligining Abu Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatlarida oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Kattaqo‘rg‘on shahar tarixida ayollar o‘rtasida boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan ilk sportchi bo‘ldi. Sevara hali yosh, Olimpiada chempioni bo‘lishni maqsad qilgan va ayni paytda birgalikda mashg‘ulot olib boryapmiz.
Kattaqo‘rg‘on shahar sport maktabida 17 sport turi bo‘yicha 40 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida 1200 nafardan ziyod o‘g‘il-qizlar shug‘ullanadi. Aytish jozki, sportchilar respublika va xalqaro musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, 2024 yilda sportchilar 263 ta oltin, 199 ta kumush va 179 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Sport maktabidan 1 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi, 9 nafar O‘zbekiston sport ustasi, 5 nafar sport ustaligiga nomzod, 3 nafar birinchi razryad, 58 nafar ikkinchi razryad, shuningdek, o‘smir sportchilarning 61 nafari birinchi, 137 nafari ikkinchi va 175 nafari uchinchi razryad uchun tayyorlangan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.