“Oltin davr” bema’ni vaqtixushlik emas

Qaysidir kafe-barga kirsangiz, albatta, u yerda yoshlarni uchratasiz. Aslida bu joy ularbop tamaddixona emasligini bilamiz, ammo u yerdagi yoshlarning aksariyati talaba.
Nima bo‘pti, deyishingiz mumkin. Ular ko‘p vaqtini ilm va kasb-hunar o‘rganish o‘rniga, ana shunday joylarda o‘tkazyapti-da. Qorin to‘ydirish yoki chanqog‘ini qondirish uchunmas, befoyda suhbatlar, telefondagi "ajina" raqslar va boshqalarga saotlab vaqt sarflaydi. Qolaversa, ayrim yigit-qizlar qo‘l ushlashib xiyobonlarda yurishadi yoki u yerdagi o‘rindiqlarni band qilib o‘tirishadi. Uyidan chiqayotganda o‘qishiga omad tilab, duo qilib kuzatib qo‘ygan ota-onalari xayolida ular darsdan keyingi bo‘sh vaqtlarini yo kutubxonada o‘tkazyapti yoki qo‘shimcha to‘garaklarga qatnayapti, deb o‘ylaydi.
Shunday talabalar borki, o‘tayotgan har bir daqiqaning qadriga yetadi. Ular ota-onasi orzusidagidek farzand bo‘lishni maqsad qilib, darsdan keyin ham o‘qib, izlanadi, kasb, hunar o‘rganadi. Xo‘sh, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun oliy ta’lim muassasalarida qanday imkoniyatlar bor?
Samarqand davlat universitetida yoshlar uchun turli xil to‘garaklar tashkil etilgan. Jumladan, “Behbudiy izdoshlari” talabalar teatr studiyasi,“Milliy musiqa cholg‘ulari” ansambli, shuningdek, nazm va nasr, musavvirlik, amaliy san’at, dizaynerlik, raqs va boshqa yo‘nalishlardagi to‘garaklar faoliyat olib boryapti.
Universitetdagi “Shalola”ijodiy to‘garagiga o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida adabiyotshunos olim, professor N.Shukurov asos solgan. To‘garakning birinchi sardori O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjondir.
- Barot Boyqobilov, Normurod Narzullayev, Asad Dilmurod,Faxriyor va boshqa ko‘plab iste’dodli ijodkorlarning qalamini charxlashga xizmat qilgan to‘garak bugun ham faol ish olib boryapti, - deydi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Nodir Rahmatullayev. – Ayni paytda to‘garakda 20 dan ortiq yoshlar ishtirok etadi. Mashg‘ulotlarda nafaqat filologiya fakulteti, balki universitetning turli yo‘nalishlarida, hatto boshqa oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan, qolaversa, ularni tamomlab ketgan, ijodga, she’riyatga qiziquvchi yoshlar qatnashib kelmoqda. To‘garak a’zolari viloyat va respublika miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etib, tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelyapti. Shahrizod Shodiyev Respublika yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etgan bo‘lsa, Muyassar Mustafoyeva, Boburjon O‘ktamov “Yil talabasi” tanlovida g‘olib bo‘lgan. Hurriyat O‘rmonova va Muyassar Mustafoyeva Navoiy nomidagi davlat stependiyasi sohibalari bo‘ldi. Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.
Shuningdek, universitet sport klubi qoshida futbol, voleybol, basketbol, shaxmat, stol tennisi, yengil atletika, kurash, qo‘l to‘pi, badminton to‘garaklari ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Ahamiyatlisi, bu to‘garaklar a’zolarining ko‘pchiligi xotin-qizlar.
Universitet yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan talabalarning sport,madaniyat, fan va innovatsiya, zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida turli xil tadbirlar, ko‘rik-tanlov va seminar–treninglar tashkil qilinadi.
- Talabalar turar joylarida “Zakovat”, “Munozara”, “Zukko kitobxon”, “Kvest”, "Fast tayping” kabi intellektual loyihalar muntazam tashkil etiladi, - deydi universitet yoshlar yetakchisi Allayor Norboyev. - “Talabalar ligasi” shaxmat musobaqasi, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari bo‘lgan yoshlar ishtirokida sportning "Streyet workaut” turi bo‘yicha ittifoq ochiq turniri o‘ziga xos o‘tadi.
“Qalqon” jamoatchilik guruhi haqida so‘z ketganda shuni qo‘shimcha qilish kerakki, guruh a’zolari nafaqat talaba-yoshlar o‘rtasida balki mahalalarga bevosita kirib borgan holda maktab o‘quvchilari hamda uyushmagan yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish maqsadida turli xil targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda. O‘quvchilarning ta’til davomidagi bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida“Yetakchilar karvoni", "Biz sog‘lom turmush tarzitarafdorimiz” shiori ostida velomarafon, kibersport tadbirlari va boshqa yirik loyihalaramalga oshirilmoqda.
Samarqand davlat chet tillar institutida ham talaba-yoshlar uchun ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishdagi 40 ga yaqin to‘garaklar faoliyat olib boradi. Ularga 4 ming nafardan ziyod talabaqamrab olingan.
- Talabalarimizning katta qismi qizlardan iborat, - deydi ingliz tili fakulteti dekani Begzod Po‘latov. - Shuning uchun ham ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan to‘garaklardan tashqari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinadi. Har bir fakultetda xotin-qizlar bilan alohida shug‘ullanish uchun bir nafardan ayol o‘qituvchi mas’ul qilib biriktirilgan. Ular fakultetlarda, qolaversa, talabalar turarjoylarida “Erta turmush qurish va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari”, “Qizlarni oilaga tayyorlash”, ya’ni ularni oshpazlikka, tikuvchilikka, qaynona-kelin o‘rtasidagi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy munosabatlarning oldini olishga o‘rgatish mavzularida tadbirlar tashkil etiladi.
Misollarda keltirilgani kabi turli to‘garaklar va tadbirlar boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham tashkil etiladi. Yoshlarimiz uchun shunday qo‘shimcha imkoniyat yaratilar ekan, afsuski, ko‘pchilik undan oqilona foydalanmaydi. Yoshligini maishatda o‘tkazgan inson hayotining qolgan qismida qora mehnat bilan shug‘ullanishi ehtimoldan xoli emas. Aksincha, ozgina o‘zini qiynab, vaqtdan unumli foydalanib ilm o‘rgansa, kelgusi hayot yo‘li farovon bo‘lishi tabiiy. Yana bir gap, talabalikni “oltin davr”, deyishadi. Bu vaqtni qanday o‘tkazish yoshlarimizning o‘ziga, dunyoqarashiga bog‘liq. Bu davrdagi be’mani vaqtixushliklar ularning ko‘ziga “oltin”dek ko‘rinmasa, bo‘lgani.
To‘lqin SIDDIQOV.