“Otangning qabrini kim tozalaydi?”
Ayni kunlarda Past Darg‘om tumanining Chimboyobod mahallasida har kuni bir o‘zgarish.
- Yo‘lga tosh to‘kishyapti. Aytilgan gaplar chinga o‘xshaydi.
- Uyga do‘xtirlar, kadastr xizmatidagilar keldi. U yoq-bu yoqni yig‘ishtirib qo‘yish kerak. Tartibsizlikdan kulib ketishmasin yana.
-“Suvoqova”dagilar ko‘chalarga ichimlik suvi tarmog‘i tortishar ekan…
Hududdagi bu gap-so‘zlar zamiridan ijro etuvchi tashkilotlar ishlayotganini ilg‘ash qiyin emas.
Ammo, har kuni hududda kunlik ishlar muhokama qilinadigan Go‘zalkent qishloq xo‘jaligi kolleji ro‘parasidagi ahvol negadir yaxshi tomonga o‘zgarmayapti. Muqaddam savdo tashkiloti bo‘lgan bino va yerni Chimboy mahallasida yashovchi Faxriddin Miyliyev, yangiravotlik Qamariddin Bo‘ronov, chimboylik Xayrulla Mardiyevlar 7-8 yil avval xususiylashtirib olishganu, keyin bu yerni “unutishgan”. Go‘yo xaroba chordevor oldida hech qachon chiqindilar olinib, xas-xashaklardan tozalanmaganday. Bu haqda “tadbirkor”larni ogohlantirish uchun oqsoqoldan ular bilan bog‘lanishni so‘ragan faqat biz emas ekanmiz.
- Necha bor chaqirtirildi. Kelishmaydi. Aqalli tozalab ham qo‘yishmaydi.
Oqsoqollarning bu gapiga ishonib-ishonmay kutdik ham. “Qorasi” ni ham ko‘rsatishmadi. Shu xarobalarga yondosh maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi ham abgor ahvolda. Harqalay ob’yekt egasi uyalgan shekilli, 2 avgust kuni kechki tomon keldi. Ertasigayoq obodonchilik qilinishi, ob’yektni ishga tushirishga va’da berdi.
“Do‘stlik” qabristoni Bog‘ishamol, Uchtepa, Yangiravot mahallalariga tegishli ekan. U yerga o‘tganlarni ziyorat qilishga yaqin o‘rtada biror kishi kirmagan ko‘rinadi. Chunki yontoq va xas-xashaklardan qabrlar ko‘rinmay ketgan.
Hudud imom-xatibi Zayniddin Bo‘ronov bilan ayni juma namozi oldidan uchrashdik. Qabristondagi ahvolga to‘xtalib, 50-60 chog‘li namozxonu hoji otalarga o‘tganlar ruhini shod etish uchun qurbon hayiti arafasida tozalash ishlariga bosh bo‘lishlarini so‘radik.
Afsuski, namozdan keyin qabristonga borganlar yo uyalishdi, yo qabrlarni “egasi tozalasin” qabilida qaytib ketishdi. Har tugul yangiravotlik 3-4 hoji yonlariga yosh-yalanglarni olib xas-xashaklarni yig‘ishtira boshlashibdi. Qaytayotib hoji otalardan birining kimgadir qo‘ng‘iroq qilayotgan gapi quloqqa chalindi:
- Hoy, kimga aytayapman. Otangning qabrini kim tozalaydi? Tez kel.
Yana bir otaxon aytib qoldi:
- Qashqadaryodan yaqinlarimiz mehmonga kelgandi. Ota-buvalarining qabrini ziyorat qilish uchun bu yerga kelganda rosa izza bo‘ldim. Shuning uchun bolalar bilan tozalashga kirishdik.
Aytish kerakki, ana shunday savob ishga bosh qo‘shayotgan namozxonlar, hoji otalar negadir kam.
Aytgancha, o‘tgan gal Chimboy, Bog‘ishamol mahallalari aholisi, shuningdek, hududdagi ikkita fermer xo‘jaligi dalalariga oqar suv bir necha yildan buyon bormayotganini xabar qilgandik. Past Darg‘om irrigatsiya tizimi xodimlarining mehnati bilan bugun ariq to‘lib suv oqayapti. Bundan hamma xursand.
“Uchqora dehqoni” mas’uliyati cheklangan jamiyati dehqon bozorining devorlari ham oqlana boshlabdi. Demak, bozor ichkarisida ham ish to‘xtamagan…
Pdh.uz