O‘tish qiyin bo‘lmoqdami? Yoxud biz o‘zimizni qachon topamiz?

Bilamizki, sovet davlati davrida jamiyatdagi har qanday mafkura inkor etilib, insonlarning ongi yagona – kommunistik mafkuraga bo‘ysundirildi. Mafkura bo‘yicha uzundan uzoq ro‘yxatlarni to‘ldiruvchi tashkilotlar bunyod qilinib, kommunistik mafkura yuzlab ko‘rinishda, bir necha yuz xil uslublar bilan targ‘ib qilindi. Bunda, tarqatma materiallar, deyarli barcha davlat tashkilotlariga osilgan turli shiorlar, adabiyot, tarix fanlaridan foydalanildi. Ishga joylashish, o‘qish, uyli bo‘lish, umuman inson jamiyatda o‘zini insondek his etish uchun ma’lum bir mafkuraviy talablar o‘rnatildiki, bu kommunistik mafkuraning yanada kengroq yoyilishiga olib keldi. 

Yuqori malakali mafkurachilarning sa’y-harakatlari bilan qo‘llanilgan uslublar natijasida kommunistik mafkura ta’sirida uzoq yillar o‘zbek davlatchiligi ramzlaridan biri bo‘lgan Amir Temurdek shaxs bosqinchi ataldi, uni isbotlash uchun maqolalar yozildi, risolalar bitildi.  Yoki Turkistonda sovet hokimiyatiga qarshi kurashgan millat fidoiylari “vatan xoini”, “xalq dushmani”, “bosmachi” deb ataldi. Aytib o‘tilganidek, bu ishda turli vositalardan foydalanildi. Ana shunday vositalardan biri bu mamalakatimiz bo‘ylab barcha hududlarga o‘rnatilgan turli shaxslarning haykallari edi. Ular tariximizga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, hatto vatanimizni vayronaga aylantirgan bo‘lsa-da, “buyuklar” sifatida insonlar ongiga sindirildi.  

Samarqand viloyatida ham bunday haykallardan bir nechasi o‘rnatilgandi. Masalan, bolsheviklar dohiysi Vladimir Lenin haykali viloyat hokimiyati yaqinida, shahar kasalxonasi hovlisida, temiryo‘l vokzali oldida, “Krasniy dvigatel” zavodi hududida, shuningdek, deyarli barcha tumanlar va ulardagi shu nomli xo‘jaliklarda mavjud edi. 

Minglab vatandoshlarimizni qatag‘on qilgan I.Stalin haykali esa Registon maydoni yaqinida, “Kinap” zavodi ichida savlat to‘kib turardi. Bundan tashqari, bu ikki “dohiy”ning portretlari korxona va tashkilotlardagi har bir xonada bo‘lardi. 

Viloyat tumanlari ichida haykallar soni bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani va Ishtixon tumanlari yetakchilik qilgan. Bu tumanlarda Lenin, Karl Marks, Ernest Telman, S.Kirov, Kuybeshev, Frunze haykallari juda ko‘p edi. 

Keltirib o‘tilgan haykallar bilan bog‘liq ma’lumotlar Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlarida saqlanib qolganlaridir. Aslida bunday haykallar viloyatning har bir burchagida o‘rnatilgan edi. Yodgorliklari o‘rnatilgan shaxslar nafaqat tariximizga begona, balki shaharlarimizni vayron qilgan shaxslar edi. Masalan, Samarqand shahridagi markaziy ko‘chaga va viloyatdagi turli jamoa xo‘jaliklariga nomi berilib haykallari o‘rnatilgan M.Frunzening Buxoro shahrini to‘plardan o‘qqa tutib, vayron qilganini birov bilardimi? Tabiiyki, bu haqda lom-mim deyilmagan. Bevosita tariximiz bilan bog‘liq shaxslardan Navoiy va Jomiy haykallari kompozitsiyasi, Sadriddin Ayniy haykali, Yo‘ldosh Oxunboboyevning haykali, O.Mahmudov haykallari o‘rnatilgan edi, xolos. 

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yuqoridagi bizga begona bo‘lgan shaxslar haykallar olib tashlandi. Keyingi yillarda I.Karimov haykali shu nomli ko‘chada, Rudakiy ko‘chasida Rudakiy haykali, Firdavsiy ko‘chasida Firdavsiy haykali o‘rnatildi. Bir vaqtlar Toshkent ko‘chasiga o‘rnatilgan Navoiy va Jomiy haykallari kompozitsiyasi Navoiy istirohat bog‘iga qayta o‘rnatildi. Samarqand shahridagi 641 ta ko‘cha qayta nomlandi, biz uchun begona bo‘lgan nomlar olib tashlandi. Biroq hali-hamon odamlar tomonidan ko‘chalar, joy nomlarining eskicha atash davom etmoqda. 

Misol uchun, "Damariq dehqon bozori" xalq orasida “DSK” (shu bozor yaqinida bir vaqtlar mavjud bo‘lgan uy qurish kombinati) nomi bilan, Abulqosim Firdavsiy ko‘chasi “Shaumiyana” (Kavkazda bolshevistik rejimni yoyish ishlariga bosh bo‘lgan Stepan Shaumiyana), Dahbed ko‘chasi “Dagbidskaya”, Registon ko‘chasi “Zoologicheskaya”, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi “Mikrorayon”, Sadriddin Ayniy ko‘chasi va Panjakent ko‘chalari kesishmasidagi hududlar “Ovoщnoy baza”, Rudakiy ko‘chasi “Titova”, Mir Said Baraka ko‘chasi “Nekrasova”, Beruniy ko‘chasi “Oktyabrskiy”, Amir Temur ko‘chasi “Frunze” deb atalib kelinmoqda.

Ko‘plab ko‘chalarga tariximizda muhim o‘rin tutgan yurt fidoiylarining nomlari berilgan, biroq ularni kim bo‘lganliklarini tan olishimiz kerak, ko‘pchilik bilmaydi va joy nomi eskicha atayveradi. Masalan, Zahiriddin Muhammad Bobur ko‘chasi Samarqand viloyati hokimining 89-Q-sonli qarori bilan 1992 yildan buyon shu nom bilan atalib kelinmoqda. Biroq ushbu ko‘chada uning haykali yoki yodgorligi o‘rnatilmagan. Bunday holatni akademik Yunus Rajabiy, Botir Zokirov, Hodi Zarif, Abdulla Qahhor, Abdulla Qodiriy, Abdullaxon II ibn Iskandar, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, Abdurazzoq Samarqandiy, Abdurauf Fitrat, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr ar-Roziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Tohirxoja Samarqandiy, Avesto va boshqa ko‘chalarda ham ko‘rish mumkin. Albatta, ularning har biriga haykal o‘rnatish katta mablag‘ talab qiladi. Biroq, mazkur shaxslar haqida o‘sha ko‘cha yoki mahalladagi xiyobon yoki mahalla markazlarida yodgorlik yoki ular haqidagi ma’lumot yozilgan lavha o‘rnatish mumkin. 

Bu viloyatimiz ko‘chalari va mahallalarining yangi nomini halq ongiga singdirishgagina emas, vatanimiz tarixida muhim o‘rin tutgan shaxslar haqida o‘sib kelayotgan yosh avlodga ma’lumot berish, ularning qalbida milliy g‘urur va iftixor uyg‘otishga xizmat qiladi. 

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi