OTMlarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar uchun 1 million yevrogacha mablag‘ ajratilishi mumkin
Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi, xorij va O‘zbekistondagi OTMlar vakillari ishtirokidagi tadbirda "Erasmus+" dasturi eksperti tomonidan ma’lum qilindi.
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida o‘tkazilgan tadbirda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi yangiliklar va soha ta’limini jozibador qilish masalalari muhokama qilindi. Sohadagi kamchiliklarga yechim izlandi.
- Qishloq xo‘jaligi va veterinariya sohasida ta’lim tizimi sifatini oshirish borasida hamkorlikda loyiha ishlab chiqildi, - dedi Portugaliyaning Porto universiteti professori Avgusto Faustino. - Loyiha doirasida ushbu konferensiyaga qatnashayotgan davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan chorvachilik sohasida onlayn platforma yaratildi. Natijada ta’lim sifati oshdi.
Shuningdek, tadbir doirasida "Erasmus+" dasturining qishloq xo‘jaligi va veterinariya sohasidagi istiqbolli loyihalariga bag‘ishlangan yakuniy sammiti ham bo‘lib o‘tdi.
- "Erasmus+" dasturi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan dastur hisoblanadi, - dedi "Erasmus+" dasturi eksperti Qudratxon Bahodirov. - Dastur oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha 500 mingdan 1 million yevrogacha mablag‘ ajratadi. Dastur doirasida har yili tanlov e’lon qilib boriladi. Oliy ta’lim muassasalari o‘zlarining salohiyatini oshirish uchun ushbu dasturda qatnashadi.
ToshDAU Samarqand filiali axborot xizmati.