O‘zbek-qozoq chegara o‘tkazish punktlarida mingga yaqin yuk avtomobillarining tirbandligi kuzatilmoqda

Bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ikki mamlakat mutasaddi idoralari muammoni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni ilgari surmoqda. Xususan, O‘zbekiston tomoni asosan kunduzgi vaqtda faoliyat yurituvchi “Malik” (O‘zbekiston) – “Sirdaryo” (Qozog‘iston) o‘tkazish punktini sutkalik rejimga o‘tkazishni taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, harakatlanayotgan haydovchilarning fuqaroligi va transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlatga doir cheklovlarni bekor qilish taklifi ilgari surilmoqda. Buning uchun ikkala davlat o‘rtasida 2001 yilda imzolangan kelishuvlarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasi ham ishlab chiqilgan.

“Yallama” (O‘zbekiston) – “B.Konisbayev” (Qozog‘iston)  chegara-bojxona postlari orqali yuk avtotransport vositalarining o‘tkazuvchanligini sutkasiga 700 tagacha kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.