O‘zbekiston-Rossiya: Hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘ndan ortiq hujjat imzolandi
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning 3-majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.
Joriy yilning 15 sentyabrida Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani ta’kidlandi.
Hukumatlar oldiga turli sohalarda amaliy hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan.
Majlisda istiqbolli sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarining amalga oshirilishini ta’minlash hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish rejalari kelishib olindi.
Keyingi besh yilda O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch baravar ko‘payib, qariyb uch mingtaga yetdi. Birgina joriy yilda 700 ta korxona tashkil etildi. O‘z navbatida Rossiyada ham o‘zbek kapitali ishtirokida mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, elektrotexnika va mashinasozlik sohalarida sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda.
Tomonlar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi bildirildi. Joriy yilda yuk tashish hajmi 21 foizga oshgani, bunda tranzit yuk tashishlar salmog‘i 25 foizga ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga hududlar orqali tranzit yuk tashishda ishonchli transport-logistika zanjirlarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Ta’lim va ilm-fan, madaniyat sohalaridagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiyadagi oliy ta’lim muassasalarining 14 ta filiali faoliyat yuritmoqda.
Majlis yakuniga ko‘ra, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘ndan ortiq hujjat imzolandi.
Qo‘shma majlis doirasida Samarqandda O‘zbekiston – Rossiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat vazirlik va idoralari, mintaqalari, tarmoq birlashmalari va uyushmalar rahbarlari, shuningdek, 500 dan ortiq yetakchi kompaniya hamda korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin forum ishida qatnashib, so‘zga chiqdi. So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi davri boshlangani qayd etildi.
Hukumatlar rahbarlari Samarqand shahrida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli ko‘rgazmada qatnashdi.
Ko‘rgazmada mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat, charm-poyabzal, elektrotexnika, kimyo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, shuningdek, zargarlik buyumlari namoyish etildi.