O‘zbekiston va Hindiston o‘quvchilari uchun ta’lim yo‘nalishida almashinuv dasturlari amalga oshiriladi

O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligining "Ibrat farzandlari" loyihasi va Hindistonning Tagor nomidagi xalqaro maktabi o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Hujjatda tomonlarning madaniy va ma’rifiy sohadagi sa’y-harakatlarini yanada boyitish uchun ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlangan va hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olingan.

Tomonlar 10 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun madaniy-ma’rifiy almashinuv dasturlarini rivojlantirish jarayoniga o‘zaro ko‘maklashishga tayyor ekanligi ta’kidlangan.

Shu maqsadda o‘qituvchi va talabalar almashinuv dasturlarini amalga oshirish va qo‘shma ta’lim tashabbuslarini kengaytirish bo‘yicha loyihalar hayotga tatbiq etiladi, til o‘rganish, badiiy hunarmandchilik, yoga, raqs, musiqa va teatr kabi turli yo‘nalishlarda virtual darslar tashkil etiladi.

Shartnomada tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladigan o‘zaro tashrif ma’ruzalari, seminarlar, vebinarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar va simpoziumlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston va Hindiston vakillari hamkorlik ko‘lami chegaralanib qolmasligi, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan har qanday yangi loyiha va tashabbuslar rag‘batlantirilishini ta’kidlagan, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA.