O‘zbekiston va Rossiya harbiylari birgalikda jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshladi
O‘zbekiston va Rossiya harbiy mutaxassislari hamkorlikda Nurobod tumanidagi «Sazag‘on» dala-o‘quv maydonida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy harbiy okrugga qarashli ushbu dala-o‘quv maydonida okrug tasarrufidagi harbiy qism va bo‘linmalarning Rossiya harbiy mutaxassislari bilan hamkorlikdagi o‘zaro tajriba almashish maqsadida o‘tkazilayotgan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari boshlangan.
Unda harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini zamonaviy talablarga mos ravishda tashkil etish va o‘tkazish hamda yangi usul va uslublar yuzasidan o‘zaro tajribalar almashadi.
Xususan, «BTR-82» jangovar texnikasining mo‘ljalga oluvchi operator va mexanik haydovchilarini tayyorlash, «AGS-17» va «RPG-7» granatomyoti hisobi mutaxassisligi, o‘qchi, mergan hamda artilleriya mutaxassisliklari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari olib boriladi.
«Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki mamlakat orasidagi hamkorlikni mustahkamlash, hamjihatlikni oshirish, jangovar mashg‘ulotlarni bajarishdagi ko‘nikma va tajribalarni almashishdan iborat. Ayni vaqtda har ikki tomonning harbiy xizmatchilari nazariy mashg‘ulotlar orqali bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda», deyiladi xabarda.
Ushbu mashg‘ulotlar 14 kun davom etadi. Unda har ikki tomon harbiy xizmatchilari egallagan bilim va ko‘nikmalarini kunduzgi va tungi sharoitlarda amaliy jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari asosida olib boradi.