Armiya tomorqachilarga yordam bermoqda
Mudofaa vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi 900 xonadonga suv chiqarib beriladi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlik va harbiy okrug tasarrufidagi muhandislik bo‘linmalaridan tuzilgan yig‘ma burg‘ulash otryadi tomonidan suv ta’minoti og‘ir aholi punktlarida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun sug‘orish quduqlari qazib berilmoqda.
18 aprel kuni ko‘chma otryad Karmana tumanidagi Kumushkon aholi puktiga borib joylashdi. U yerda harbiy xizmatchilar tomonidan dala chodirlari tiklanib, maxsus texnikalar uchun joy hozirlandi.
Hozirgi kungacha PBU-50, PBU-200 hamda UDV-15 ko‘chma burg‘ulash texnikalari yordamida 20 oila tomorqasiga suv chiqarib berildi. Aholi yashash manzillarida 15 metrgacha chuqurlikdan suv tortib chiqarilmoqda.
Mudofaa vazirligi muhandislik texnikalari Xatirchi tumanidagi O‘zbekiston qishlog‘ida ham burg‘ulash ishlarini davom ettirmoqda. Qir-adirlardagi lalmikor yerlarda 200 metrgacha chuqurlikdan suv qazib chiqarilishi ko‘zda tutilgan.