Umumxalq hasharida to‘rt yuzga yaqin oila xonadoni ta’mirlandi
13-14 mart kunlari mamlakatimizda “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq hashari Samarqandda ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
Mahallalar, aholi turarjoylari, bog‘ va xiyobonlar, qabriston va ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, daraxt va gul ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida ko‘chalar asfalt qilindi, ichki yo‘llar ta’mirlanib, qum-shag‘al to‘shaldi. Ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz yashovchilar va yoshi ulug‘ insonlarning xonadonlarida mahalla ahli tomonidan hashar uyushtirilib, hovlilar, uy-joylar tartibga keltirildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi Alovuddin Lapasovning ta’kidlashicha, viloyatdagi 1063 mahallada 3518 gektar maydon obodonlashtirilib, 1367 tonnadan ortiq maishiy va qurilish chiqindilari chiqarildi. 1300 kilometr ariq va lotoklar tozalandi, 1579 qabriston, 257 ziyoratgoh tartibga keltirildi va “Yashil makon” loyihasi doirasida 850 mingdan ziyod ko‘chat ekildi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj 400 ga yaqin aholi xonadoni ta’mirlandi, 5315 nafar ehtiyojmandlarga moddiy yordam berildi. Aholiga xushkayfiyat ulashish maqsadida joylarda yuzga yaqin sumalak sayillari tashkil etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.
– Umumxalq hashari kunlarida viloyatda to‘rt yuzga yaqin ijtimoiy soha obekti va turli muassasalar foydalanishga topshirildi, – deydi A.Lapasov. – Natijada 984 ta bo‘sh ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, muborak Ramazon oyida aholini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yengillik yaratish maqsadida ta’mirtalab 3227 ta xonadon ro‘yxati shakllantirilib, 499 ta kam ta’minlangan oila xonadonlarini ta’mirlash uchun qurilish materiallari olib berildi. Hozirda bu kabi ezgu ishlar davom etmoqda.
– Ijtimoiy reyestrda turaman, oilamiz sharoiti og‘irligi sabab uyim juda achinarli holatga kelib qolgan edi, – deydi Qo‘shrabot tumani Qo‘shtamg‘ali mahallasida yashovchi N.Xusanova. – Muborak Ramazon oyida davlatimiz e’tibor qilib, uy-joy qurish uchun 400 million so‘m mablag‘ ajratdi. Hozir zamon talablariga mos qilib, yangi uy qurib berishyapti, bundan juda mamnunman.
F.RO‘ZIBOEV.