Samarqandda hashar boshlandi
Bugun Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!” shiori ostida viloyatimizda umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tmoqda.
Hashar doirasida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar, binolar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariqlar hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va shakl berish, hududlarda sanitariya-gigiyenik dezinfeksiya ishlarini amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, pensioner va yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joy hamda yashash sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish, sanitariya-epidemiologik talablar asosida mahallalarda obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limi axborot xizmatining xabar berishicha, tashkil etilgan umumxalq xayriya hasharida Samarqand viloyatida 900 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz, jumladan, 550 mingga yaqin yoshlarimiz ishtiroki kutilmoqda.
Hashar davomida 1200 gektardan ortiq yer maydonlari obodonlashtiriladi, 950 tonnadan ortiq maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlanadi, 1000 ga yaqin qabriston, 40 ga yaqin ziyoratgoh obodonlashtirilib, 60 ming tupga yaqin manzarali va 30 mingga yaqin mevali daraxt ko‘chatlari ekilishi, shuningdek, 130 kilometrga yaqin ariq va zovurlar tozalanib, hashar davomida yana 300 mingga yaqin gul ko‘chatlari o‘tqazilishi rejalashtirilgan.
Bu safargi xayriya hasharida kam ta’minlangan oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, hashar doirasida viloyatdagi 700 ga yaqin yurtdoshimizning xonadonlari ta’mirlab beriladi. Buning uchun salkam 200 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 450 dan ziyod ehtiyojmand, 240 ga yaqin nogiron va yolg‘iz qariyalarga qariyb 112 million so‘mlik moddiy yordamlar ajratildi, shundan “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida tashkil qilingan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 93,5 million so‘m sarflanadi.
Hashar davomida fond mablag‘lari hisobidan har bir tuman-shahardagi bittadan mahallalarda osh damlanib, “Temir daftar”dagi hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarga tarqatilishi ko‘zda tutilgan.
***
Alisher Isroilov olgan suratlar.