Germaniyada ham hashar bormi?: Nemis mahallalaridan nimani o‘rganishimiz mumkin?

Shu yilning 4-10 iyul kunlari “Xanns Zaydel” jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar xodimlaridan iborat delegatsiya Bavariya federal o‘lkasi hukumatining davlat va mahalliy boshqaruvini o‘rganish maqsadida Germaniyada bo‘lib qaytdi.

Ushbu delegatsiya tarkibida viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov ham ishtirok etdi. Boshqarma rahbari bilan suhbatimiz Germaniyada  mahalla tizimi tajribasi xususida bo‘ldi.

- Odatda mahalla tizimi faqat bizgagina xos bo‘lgan tuzilma degan gaplarni eshitganmiz. Bugun ma’lum bo‘lyaptiki, bu tuzilma Yevropadagi eng rivojlangan mamlakat - Germaniyada mavjud ekan, - dedi I.Jabborov. - Albatta, har bir rivojlangan davlat va jamiyat eng quyi bo‘g‘indagi boshqaruv tizimining samarali faoliyati natijasidir. Germaniyaga xizmat safari davomida xulosa qildimki, mamlakatning bu darajada rivojlanishida to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan o‘zini o‘zi boshqarish tizimi katta rol o‘ynagan.

Biz safar davomida Bavariya federal o‘lkasi boshqaruv tizimi bilan tanishdik. U yerda bizdagi mahalla tizimi kabi tuzilma bo‘lib, bu gemaynde deb ataladi. 4 ta tuzilma, ya’ni vazirliklar, viloyat, tuman va kommuna ma’muriyatidan iborat bo‘lib, u 13 ta vazirlik, 7 ta viloyat, 71 ta tuman hamda 2  ming 56 ta kommuna (gemaynde) ma’muriyatidan tashkil topgan. Boshqaruv tizimi nomarkazlashtirilgan bo‘lib, barcha ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha masalalar bevosita viloyat, tuman, shahar va kommuna ma’muriyati darajasida hal qilinadi. Barcha bo‘g‘indagi tuzilmalarda aniq funksional chegaralar belgilangan. Masalan, eng quyi bo‘g‘in gemaynde ma’muriyati vakolatiga hududda qurilish bosh rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish, aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, saxovat va qariyalar uylarini yuritish, yo‘llarni qurish va ekspluatatsiya qilish, ichimlik va oqova suvini ta’minlash, kutubxonalar ishini tashkil etish bo‘yicha funksiyalar kiradi. 

- Bunday katta hajmdagi ishlar albatta ma’lum miqdordagi mablag‘ni talab qiladi. Bavariya hududiy o‘lkasida o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z byudjeti va boshqaruv shakliga egami? 

- Gemaynde o‘z byudjetiga ega va u o‘ziga tegishli hududdan ma’lum bir turdagi soliqlar to‘liq yoki qisman ajratilishi hamda hukumatdan ajratilayotgan subsidiyalar hisobiga to‘ldiriladi. Har bir gemayndeda ish hajmi va byudjet ko‘lamidan kelib chiqib, 15-30 nafargacha xodim faoliyat yuritadi. Shu bilan birga gemaynde ma’muriyati hukumat tomonidan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, yerlarni qayta taqsimlashda ko‘maklashish, ichki xavfsizlikni ta’minlash kabi davlat funksiyalarini amalga oshiradi.

Bu jabhada, ayniqsa, o‘rnak oladigan tomonlari ko‘p. Masalan, byudjet loyihasi bevosita kommuna ma’muriyati tomonidan shakllantirilishi va tasdiqlash uchun tuman ma’muriyatining munitsipal rivojlanish bo‘limiga yuborilar ekan. Boshqaruv tizimining samaradorligi va natijadorligining asosiy sababi sifatida barcha boshqaruv jarayonlari “subsidiarlik prinsipi” asosida shakllanganligini alohida ta’kidlash lozim. Ya’ni, bu prinsipga asosan quyi darajadagi bo‘g‘inlarning vakolatini kengaytirish nazarda tutiladi. Bunda faqat quyi darajada hal qilib bo‘lmaydigan masalalargina yuqori darajadagi bo‘g‘inlarga olib chiqilishi mumkin.

Biz mahalliy boshqaruv ma’muriyati tuzilmasi ish faoliyati bilan bevosita tanishish maqsadida Shvabiya viloyatida bo‘ldik. Aholi soni 2 milliondan oshadigan bu viloyat 10 ta tuman, 334 ta gemaynde ma’muriyatidan tashkil topgan. Biz bu yerdagi Dinkelsherben gemaynde ma’muriyati faoliyati bilan tanishdik. Ushbu ma’muriyatda 15 nafar xodim ishlar ekan. Kommuna ma’muriyati soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni yig‘ishi, mustaqil ravishda qurilish ishlarini amalga oshirishi va xarajatlarini, o‘zining ichki tashkiliy tuzilmasi va shtatlarini tasdiqlashi, shuningdek, savdo solig‘i, yer solig‘i kabi soliqlarni undirishi mumkin. Soliqlar va majburiy to‘lovlardan tushgan daromadlarning bir qismi, masalan, daromad solig‘ining 15 foizi, aylanma mablag‘larning 2,2 foizi gemaynde byudjetiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, sport komplekslari, maktabgacha ta’lim muassasalari, kutubxonaga a’zolik badallari, qurilish uchun ruxsatnoma badallari, suv havzalari uchun yig‘imlar ham gemaynde byudjetiga yo‘naltiriladi.

- U yerda mahalla raislari bizdagi kabi saylovlar orqali tanlab olinadimi?

- Gemaynde rahbari ham xuddi bizdagidek saylov orqali aholining o‘zi tanlaydi. Birgina farqi ularda rahbar uzoqroq muddatga, ya’ni 6 yilga saylanadi. E’tiborli jihati, unda bir qancha jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan uyushmalar ham mavjud bo‘lib, ulardan eng yirigi va ommabopi yong‘inga qarshi kurash hamda sport birlashmalari ekan. Jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan bu birlashmalar ayni bir maqsad va vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan holda xalq faollari tomonidan yuritilib, alohida nodavlat notijorat tashkilot sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Unda xizmat qilayotgan kishilar faxriy kasb egasi hisoblanib, aholi o‘rtasida hurmat-e’tiborga loyiq ko‘riladi.

- Mahalla instituti rivojlanar ekan, unda kadrlar muammosi ko‘zga tashlanadi. Bu yo‘nalishda olmonlardan qanday tajriba olish mumkin?

- Biz Fyurstenfeldburg shahrida joylashgan O‘zini o‘zi boshqarish kollejida bo‘ldik. Kollej boshqaruvning eng quyi bo‘g‘ini hisoblangan kommuna ma’muriyati rahbarlari va xodimlarining malakasini oshirish, shuningdek, jamoatchilik asosida ishlovchilarni tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati Bavariya hukumati, viloyat, tuman va kommuna ma’muriyatlari tomonidan moliyalashtirilar ekan. Shu bilan birga, kollejda gemaynde ma’muriyati ish yuritishning umumiy tartibi, shaharsozlikni rejalashtirish, kadrlar siyosati, mehnat munosabatlari yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan.

E’tiborli jihati, Bavariyada ko‘ngillilar korpusi yoshlikdan boshlab shakllantirilishi, yoshlar tomonidan o‘qishga va ishga kirishdan oldin biror bir jamoatchilik tuzilmasida kamida bir yil davomida ijtimoiy sohada ko‘ngillilik asosida ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bavariya federal yerida aynan ko‘ngilli sifatida ishlash o‘qishga va ishga kirishda katta ahamiyat kasb etadi.

- Ushbu tajriba almashishdan qanday xulosalar qildingiz, bugun sohani isloh qilishda tatbiq etadigan jihatlari bormi?

- Bu xizmat safari bevosita ushbu tizimda muhim xulosalar qilishimga turtki bo‘ldi. Hatto sohani isloh qilish yuzasidan bir nechta takliflar bilan qaytdim. Xususan, bugun mahallada faoliyat yuritayotgan hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorlarini mahalla raislariga gorizantal bo‘ysunishi ko‘rsatilgan mahalla fuqarolar yig‘ini strukturasini ishlab chiqib, mahallada amalga oshirilishi belgilangan vazifalarni umumlashtirgan holda mahalla fuqarolar yig‘ini nizomi, vazifalar taqsimotini hukumat qarori bilan tasdiqlash maqsadga muvofiq deb o‘ylayman. Shuningdek, ularni yagona maqsadga qaratilgan o‘quv dasturi asosida o‘qitish uchun hududiy o‘quv markazlar tashkil qilish kutilgan samarani beradi. Yana bir muhim tomoni, Bavariya o‘lkasining mahalla hududidagi infrastrukturani yaxshilash, aholining ishonchini oqlash, fuqarolar ehtiyojini ta’minlash maqsadida 50 yil oldin boshlagan va bugungi kunda o‘z natijasini berayotgan ijobiy tajribasidan kelib chiqib, mahalla tizimini moliyaviy manbasini yaratish lozim.

Ushbu mamlakatdagi mahalla vazifasini bajarayotgan gemaynde o‘zini o‘zi boshqarish organida bugungi kunda o‘z hududidagi jismoniy va yuridik shaxslarning daromad solig‘i, yer va mulk soliqlarining ma’lum qismini o‘zlari istiqomat qilayotgan mahallaga o‘tkazyapti. Bu tizim orqali moliyaviy barqarorlik ta’minlanib, fuqarolarning ishonchini oqlash amalda o‘z samarasini beradi. Buning natijasida Bavariyadagi 2 ming 56 ta gemayndeda istiqomat qilayotgan fuqarolar barcha muammolari bo‘yicha faqat mahallaga murojaat qilyapti.

Bu amaliyotni bugungi kunda yangidan tashkil qilinayotgan o‘zini o‘zi boshqarish, ya’ni mahalla tizimini barcha mahallalarda tajribali, malakali iqtisodchilar - hokim yordamchilari orqali amalga oshirish imkoniyati mavjud.