Elga yarashgan urf
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan avgust oyining “Mahallalarni obodonlashtirish” oyligi deb e’lon qilinishi va 21 avgust kuni umumxalq obodonlashtirish xayriya hashari o‘tkazishning belgilanishi ayni muddao bo‘ldi.
Chunki obod yurtning fayzi, tarovati o‘zgacha bo‘ladi. Ulug‘ bayram ostonasida shahar-u qishloqlarimizning ozoda, pok, saranjom va sarishta bo‘lishi yurtga baraka keltiradi. Bunda xalqimizning yillar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar muhim o‘rin tutadi. Ota-bobolarimizning o‘zaro hamjihatlikda azaldan yo‘l, ko‘prik va boshqa binolarni hashar yo‘li bilan barpo etgani, bayramlar arafasida o‘zi yashayotgan hududni obodonlashtirib, orasta holga keltirgani haqida ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz.
Shu jihatdan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 avgustdagi Farmoyishiga asosan bayram oldidan viloyatimiz tuman va shaharlarida bir qator tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining Farmoyishi asosida qabul qilingan viloyat hokimining farmoyishiga asosan mahallalar, aholi yashash punktlari, ko‘p qavatli uylar, binolar hamda hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, yo‘laklar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi, daraxtlar oqlanib, ularga shakl beriladi, hududlarda sanitariya-gigiyenik dezinfeksiya ishlari olib boriladi.
Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, pensioner va yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashiladi.
Sanitariya-epidemiologik talablar asosida mahallalarda obodonlashtirish ishlari o‘tkazilishi jarayonida to‘plangan chiqindilar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqiladi.
Bu xayrli tashabbusni barcha yurtdoshlarimiz qatori biz, samarqandliklar ham to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Davlatimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini nishonlashga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida e’lon qilingan ushbu umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun viloyatimiz ahlini, yoshu-qarini xayrli tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqiramiz.
Chunki vatanning obod va ko‘rkamligi uchun fidoyilik ko‘rsatish xalqimizga xos bo‘lgan ibratli urflardandir.
A.Umarov,
viloyat hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i.
S.Usmonov,
viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat Nuroniylar kengashi raisi.
A.Ahtamov,
“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi.
A.Rayimjonov,
viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i.
A.Bahromov,
viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi.