Hashar davom etyapti. Siz ham umumxalq hasharida ishtirok etyapsizmi?

Ayni paytda mustaqillik bayramimizning 30 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish hamda hududlarni obodonlashtirish maqsadida viloyatning olis va yaqin joylarida, korxona-tashkilot, muassasalarda hashar o‘tkazilyapti.

Xususan, Paxtachi tumanida davom etayotgan hashar doirasida mahallalar, aholi punktlari, binolar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariq hamda bolalar maydonchalari tartibga keltirilyapti, daraxtlar oqlanib, shakl berilmoqda, joylarda sanitariya-gigiyenik dezinfeksiya ishlari amalga oshirilyapti.

Tuman hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, tumandan 78,6 mingdan ortiq kishi ishtirok etib, 84 gektardan ziyod maydon obodonlashtirildi. 52 tonna maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlandi. 59 ta qabriston, 1 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi. 38 oilaning uy-joyi ta’mirlandi.

***

Past Darg‘om tumanida ham hashar uyushqoqlik bilan tashkil etildi.  Ayniqsa, Do‘stlik, Kamolot, Yangiobod, Katta Nayman mahallalarida obodonlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratildi.

***

Umumxalq xayriya hasharida viloyatdagi ichki ishlar idoralari xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.

Xususan, viloyat IIBda xizmat qilayotgan xodimlar, avvalo, boshqarma va uning atrofini obod qildilar. Shuningdek, barcha shahar va tuman IIB va sohaviy xizmatlar ma’muriy binolarida gigiyena talablariga e’tibor qaratilib, hududlar tartibga keltirildi, chiqindilardan tozalandi.

Aholini qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni kuchaytirish maqsadida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yolg‘iz qariyalar holidan xabar olindi.