O‘zbekiston yoshlari Ginnes rekordini yangiladi, unda samarqandliklar ham ishtirok etdi

18 avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 2 000 nafar yosh muhandis bir vaqtda 1946 ta kichik robot yig‘ib, Ginnes rekordlar kitobida O‘zbekiston nomini qayd etishdi.

Tarixiy natija ko‘rsatgan yoshlarning 80 nafari Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalaridir.

– 18 avgust tarixga “Ginnes rekordi” yangilangan kun sifatida kirdi, – dedi universitetning 2-kurs talabasi Beknazar Abdukarimov. - Respublikamizning 12 viloyatidan kelgan 2000 nafar talaba-yoshlarning ko‘ngliga bu kun birdamlikni joyladi. Xorijiy vakillarga O‘zbekiston yoshlarining kuchi, do‘stonaligi va birdamligini isbotladik. Bundan tashqari, o‘zim Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, "Zakovat" bilimdoni Xushnudbek Xudoyberdiyev va yana bir qancha O‘zbekistonning taniqli shaxslari bilan faol muloqotda bo‘ldim va fikr almashdim.

– O‘sha kuni poytaxtimizda 2000 ta kuch bir maqsad uchun birlashdi, - deydi 2-kurs talabasi Quvonchbek Ubaydullayev. - Ushbu tadbirdan bir dunyo taassurot olib qaytdim. Biz, yoshlar uchun ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q ekan. Bir kuni Ginnes rekordini yangilashda ishtirok etaman, ilgari faqat televizor orqali ko‘rgan Ginnes rekordlari kitobi konsultanti doktor Karl Shukerni o‘z ko‘zim bilan ko‘raman, deb hecham o‘ylamagan edim.

Iqtidorli talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun universitet rektori Chidem Turkyilmaz ham mazkur tadbirda ishtirok etdi.