O‘zbekistonda 48 mingdan ko‘proq fuqaro karantin muddatini o‘tayapti
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3 ming 874 nafarga yetdi. 3 iyun kuni 106, kasallik qayd etilgandan buyon esa 3 ming 14 nafar, ya’ni 78 foizdan ziyod bemor to‘liq sog‘aydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 844 bemor davolanmoqda, 9 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.
48 mingdan ko‘proq fuqaro karantin muddatini o‘tayapti. Ularning 21 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan.
Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. Ming afsuski, kasallik aholi orasida ham qayd etilyapti. Oxirgi aniqlangan 31 bemorning 3 nafari aholi orasida qayd etilgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatga olingan.