O‘zbekistonda “Baxshi” jurnali tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Baxshi” jurnali tahririyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining “Baxshi” jurnali tahririyati tashkil etiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan jurnal tahririyatini muassislari etib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda jurnalning Nizomini ishlab chiqadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi:

  • jurnal tahririyatida faoliyat yuritayotgan xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar va shtatlar jadvalini ishlab chiqish va tasdiqlanishini;
  • jurnalda chop etiladigan maqolalar uchun mualliflik haqi to‘lashni tartibga soluvchi tegishli me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqilishini;
  • jurnal tahririyati faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi.
  • Jurnal tahririyati bosh muharriri Madaniyat vaziri tomonidan tayinlanishi va vazifasidan ozod etilishi belgilanadi.