O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 505 bemordan 8 nafarining ahvoli og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 2652 bemor ro‘yxatga olingan. Sog‘liqni saqlash vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, oxirgi bir kunda yana 60 bemor tuzalgan va reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan.

Shunday qilib, jami 2136 nafar, ya’ni 80 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, dunyo bo‘yicha ushbu kasallikdan sog‘ayish darajasi 37 foizdan bir muncha ortiqroq. Bizdagi ijobiy o‘zgarishlar, albatta, barchamizni quvontiradi. Shifoxonalarda davolanayotgan 505 bemordan 8 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

Karantin tadbirlari davom etyapti. 46 mingdan ko‘proq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Oxirgi bir kunning o‘zida 14 ming 700 dan, jami 460 mingdan ko‘proq holatda laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan.

Respublika komissiyasi tomonidan karantin muddati 1 iyunga qadar uzaytirilganidan xabar topdingiz. Karantin tadbirlari yumshatilgan bo‘lishiga qaramasdan, biz unga rioya etishimiz kerak. Qachonki, karantin tadbirlariga rioya etsakkina, vaziyatni barqaror ushlab qolishimiz mumkin bo‘ladi. Ortiqcha muloqotlar, ortiqcha ehtiyotsizlik yana kasallik avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Buni hech qachon yoddan chiqarmang!