O‘zbekistonda saylovlar ancha takomillashgan

Samarqandda davom etayotgan Prezident saylovini xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ham bevosita kuzatib bormoqda. Biz ularning ayrimlari bilan suhbatlashib, jarayon haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.

Aleksey SANDIKOV, Armaniston Milliy Assambleyasining mintaqaviy va Yevroosiyo integratsiyasi masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mitasi a’zosi, MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashi vakili:

- Prezident, parlament saylovlarini tashkil etish, uni xalqaro talablar asosida o‘tkazishda O‘zbekiston MDH davlatlari orasida o‘ziga xos tajribaga ega mamlakat hisoblanadi.

Bu ijobiy holat bugun o‘tkazilayotgan saylov jarayonida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. O‘zim kuzatayotgan saylov jarayoni haqida ham ijobiy fikr bildirish mumkin. Shunisi quvonchliki, saylovchilarning saylov boshlanishidan avval uchastkalarga kelishi, saylov mutasaddilarining uchastkalardagi tayyorgarlik jarayonlari e’tiborimni tortdi. Muhimi, har bir fuqaro o‘zi tanlagan nomzod uchun hech qanday tashqi ta’sir, tazyiq asosida emas, erkin, demokratik tamoyillar asosida ovoz bermoqda.

Saylov uchastkalarida tashkil etilgan shart-sharoitlar havas qilarli. Xalqaro tashkilot vakili sifatida dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda bunday jarayonlarda qatnashish baxti nasib etgan.

Bugungi saylov fuqarolarning faolligini, har bir nomzod haqida o‘z qarashi borligini namoyon etmoqda. Bu hol oxirgi to‘rt-besh yil ichida mamlakat fuqarolari, saylovchilarning muhim siyosiy tadbirga o‘zgacha ijobiy dunyoqarash bilan yondashayotganligini anglatadi. 

Men saylovning hech bir muammosiz, xalqaro talablarga muvofiq o‘tayotganligiga ishonchim komil. O‘ylaymanki, O‘zbekiston va shu mamlakatda yashovchi millat va elat vakillari o‘z kelajagini tanlagan nomzodi faoliyati va xizmati bilan bog‘lashga umid bildiradilar.

Ales VONDRAChEK, xalqaro kuzatuvchi (Chexiya):

- Saylov jarayonlari xalqaro talablar asosida tashkil etilgan. Tashkiliy ishlarda hech qanday muammo yo‘q. Agar Chexiya bilan solishtiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonda ancha oldinga siljish bor. Misol uchun, saylovchilarning elektron ro‘yxati shakllantirilganligini ta’kidlash joiz. Bizda elektron ro‘yxat tizimi yo‘q. Bizda pochta orqali ham ovoz berish mumkin. O‘zbekiston saylov tizimiga bu kiritilmagan ekan.

Bugun saylov jarayonlarini bevosita uchastkalarda kuzatib, o‘zbekistonliklarning siyosiy jarayonlarga o‘ta mas’uliyat bilan yondashayotganligini ko‘rdim. Demak, har bir fuqaro davlatdagi siyosiy jarayonlarga befarq emas. Bu ham demokratik tamoyillarning jamiyatga singib borayotganligini ko‘rsatadi.

O‘ylaymanki, O‘zbekiston fuqarolari saylovda eng munosib nomzodni tanlab, dunyo miqyosidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.