Fuqaro saylovchilar ro‘yxatidagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin

Saylovlar nafaqat demokratiyaning namoyishi, balki bu muhim jarayonni mustahkamlovchi, odamlarning siyosiy ongini, huquqiy madaniyatini tarbiyalovchi, demokratik ko‘nikmalarini, o‘z xohish-irodasining erkin ifodasini shakllantiruvchi omil.

Bu mamlakatda amalda bo‘lgan huquqiy normalarning nechog‘lik demokratik ruhda ekanini namoyon etadigan, demokratik huquqiy davlatning uzviy belgisi, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokining asosiy shakli bo‘lib, o‘ta muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra, “Bir saylovchi, bir ovoz” tamoyili asosida fuqarolar o‘z konstitutsion huquqlaridan foydalanib saylov jarayonida faol qatnashadi. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni ochiq va oshkora o‘tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Xususan, uchastka saylov komissiyasida qabul qilinadigan qarorlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida Saylov kodeksining 25-moddasi talablariga rioya qilgan holda chet davlatlarda, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalaridan tashqari, uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan bo‘lishi mumkin emasligiga rioya qilinmoqda.

Saylovda ovoz berishda ham keng imkoniyatlar mavjud. Jumladan, sud tomonidan muomalaga layoqatiz deb topilgan shaxslar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslardan boshqa har qanday 18 yoshga to‘lgan fuqarolarimiz saylash huquqiga ega.

Yana bir muhim jihat, saylov komissiyalari saylovchilarning ro‘yxati hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga o‘zgartishlar kiritishi mumkin. Saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida to‘xtatiladi.

Saylov uchastkasiga kelgan saylovchining shaxsiga oid ma’lumotlar saylovchilar ro‘yxatidan chiqmagan holda saylovchi shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjati asosida saylovchilar ro‘yxatining ilovasiga kiritiladi va unga saylov byulleteni beriladi.

Saylovda ovoz berish uchun saylovchida o‘zining shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lishi shart. Ovoz berish binosiga kelgach, saylovchi saylov komissiyasi a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatadi. Uchastka saylov komissiyasi a’zosi saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida uning saylovchilar ro‘yxatidagi ma’lumotlarini tekshiradi, unga ovoz berish uchun saylov byulletenini imzo qo‘ydirib topshiradi.

Har bir fuqaro saylovchilar ro‘yxatidagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.

Saylov byulleteni buzib qo‘yilganda yangisiga almashtiriladi. Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra, uchastka saylov komissiyasi tomonidan yangisiga almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinib, bekor qilinadi va alohida saqlanadi.

Boboqul Toshev,
Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori, professor.