AQSh departamenti: "O‘zbekistondagi prezidentlik saylovi saylovchilarning yuqori faolligi bilan ajralib turdi"
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays matbuotga bayonot berib, unda O‘zbekiston Prezidenti saylovi natijalariga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar joriy yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida O‘zbekiston xalqining o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqidan foydalanganini qo‘llab-quvvatlaydi.
«AQSh Davlat departamenti Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasining ovoz berish jarayoni tinch muhitda o‘tdi, saylovchilarning yuqori faolligi bilan ajralib turdi, degan bahosiga qo‘shildi», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumati hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchi missiyasi o‘rtasidagi hamkorlik yaxshilanganini olqishlaydi, YeXHT tavsiyasining saylov hamda fuqarolik, siyosiy huquqlarni ilgari surish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishini intiqlik bilan kutmoqda.
«Biz O‘zbekiston hukumati bilan ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga ega ushbu hamda boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish tarafdorimiz», deyiladi Davlat departamenti bayonotida.