Samarqandda 1 million 748 ming nafardan ortiq saylovchi ovoz berishda qatnashdi

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Soat 20.00 da okrug hududidagi, ya’ni Samarqand viloyatidagi barcha – 1111 ta saylov uchastkalarining barchasida ovoz berish yakuniga yetdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, okrug hududida ro‘yxatga olingan 2 million 194 ming 392 nafar saylovchilarning 1 million 748 ming 625 nafari, ya’ni 80 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.

- Hozirda uchastka saylov komissiyalari ovozlarni sanab chiqmoqda – dedi F.Toshev. - Ushbu jarayonni siyosiy partiyalarning vakollatli vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari va akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatib bormoqda.

Okrug saylov komissiyasiga kun davomida joylardan saylov qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmadi. Ayrim texnik kamchilik va nuqsonlar bo‘yicha tushgan murojaatlar mutasaddi tashkilotlar yordamida o‘z vaqtida bartaraf etildi.