Uve Proll: O‘zbekiston mintaqada xavfsizlikni ta’minlashning kafolati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasida Prezident saylovini kuzatish maqsadida mamlakatimizga kelgan Germaniyaning “Behörden Spiegel” gazetasi bosh muharriri Uve Proll va “LTC Media Group” kompaniyasi bosh muharriri Aleksandr Cherkaskiy bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev mamlakatimizda bu galgi Prezident sayloviga ko‘rilgan tayyorgarlik, qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar hamda saylov kampaniyasining borishi haqida ma’lumot berdi.
Mehmonlar okrug hududidagi saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik, muddatidan oldin ovoz berish va bu imkoniyatdan xorijdagi o‘zbekistonliklarning foydalanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.
– O‘zbekistonda saylovga katta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik, - deydi Uve Proll. – Kecha Toshkentda bu jarayonlar bilan tanishgandik, bugun Samarqanddamiz. Men O‘zbekistonga kelgunimcha ham mamlakatingiz saylov qonunchiligi bilan tanishgan va bu haqda biroz ma’lumotlarga ega bo‘lgandim. Endi buning amaliy ifodasini ko‘ryapman. Yurtingizga kelishimdan yana bir maqsad – O‘zbekistonning mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning kafolati ekanligi bilan yaqindan tanishish edi. Bu niyatim ham amalga oshganidan xursandman. Umuman, yurtingizga birinchi marta kelayotgan bo‘lsam-da bu serquyosh zamin menga juda yoqdi.