Samarqandda saylov boshlandi – hokim birinchilar qatorida ovoz berdi

Bugun mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boshlandi.

7-Samarqand saylov okrugi hududidagi 1112 ta saylov uchastkalari ham soat 8.00 da saylovchilar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Okrug bo‘yicha saylovchilar umumiy soni 2 million 94 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Ular orasida 760 nafar yoshlar ilk bor saylovda qatnashib, ovoz berish imkoniyatidan foydalanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kalendar reja asosida Samarqand viloyatida ham Prezident sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Avvalo, barcha uchastkalar uchun eng qulay binolar tanlanib, uchastka saylov komissiyalari a’zolari, saylovchilar va kuzatuvchilar uchun zarur sharoit yaratildi. Barcha uchastkalarda yuqori tezlikdagi internet aloqasi ta’minlandi. Bugun viloyatdagi 32 ta saylov uchastkasidagi ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatish mumkin.

Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tavsiyasi asosida tasdiqlangan uchastka saylov komissiyalari tarkibi umumiy soni 11823 nafarni tashkil etadi. Ularning 77 foizi avval saylov va referendumlarda qatnashgan, bu borada tajribaga ega. Uchastka komissiyalari a’zolari uchun bir necha bosqichda o‘quvlar tashkil etilib, saylov qonunchiligi va muddatidan ilgari Prezident saylovi bo‘yicha o‘qitildi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan fuqarolar muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, shu yilning 28 iyun – 5 iyul kunlari yurtimizda mazkur jarayon amalga oshirildi. Samarqand viloyatida ham 92 mingga yaqin fuqaro bu huquqdan foydalanib, muddatidan oldin ovoz berdi.

Bugun Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabida joylashgan 144-saylov uchastkasiga borib, birinchilar qatorida ovoz berdi.

Mazkur saylov uchastkasida shahardagi Bog‘dod, Orzu, Rahmatobod mahallalarida yashovchi 2877 nafar fuqaro ovoz beradi. Ularning 27 nafari ilk bor saylovda ishtirok etmoqda. Uchastka bo‘yicha 67 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz bergan. 40 nafar fuqaro bugun yashab turgan joyidan ovoz berish uchun komissiyaga murojaat qilgan.