Saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari yakunlandi - sanoq komissiyalari vazifasiga kirishdi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Ertalab soat 08.00 da boshlangan siyosiy tadbir 20.00 da yakuniga yetdi.
Samarqand shahridagi 6-son bolalar musiqa va san’at maktabida joylashgan 106-saylov uchastkasida 1 ming 510 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan. Ularning 70 foizdan ortig‘i saylovda ishtirok etib, o‘ziga munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.
Uchastka raisi Avaz Ziyoyevning aytishicha, saylov uchastkasiga Darg‘om mahallasi aholisi qamrab olingan. Fuqarolar ovoz berishda faol ishtirok etdi. Ovoz berish jarayonini siyosiy partiyalar vakillari va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi. Saylov uchastkasiga kelishga imkoni bo‘lmagan 130 nafar nuroniy va nogironligi bo‘lgan shaxslarning xonadonlarida ovoz berishlariga sharoit yaratildi.
Uchastkada soat 20.00 da ovoz berish yakunlanib, saylov uchastkasi komissiyasi a’zolari yig‘ilgan ovozlarni sanashga kirishdi.