Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi e’tiborda

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida «Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish elektron reyestri» yuritilmoqda. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’limi va mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlar jamlanib, tadbirkorlar va ish beruvchilar uchun ochiq tarzda taqdim etiladi.

Ish bilan band bo‘lish istagida bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni reyestrga kiritish «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza asosida amalga oshiriladi.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiyalar ajratilmoqda. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamida uch oy davomida rasmiy ish bilan ta’minlash va mehnatiga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lash sharti qo‘yilgan. Shuningdek, surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatlarini tashkil etish xarajatlarini qoplash uchun ham subsidiya berish nazarda tutilgan.

Subsidiya olish uchun tadbirkorlar belgilangan shakldagi ariza va tegishli hujjatlar bilan «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkin.

Bu borada Nurobod tumanida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, 12 ta korxona va tashkilotga jami 77 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ishga joylashtirildi. Jumladan, Nurbuloq mahallasida yashovchi tadbirkor Nishon Xushbaqov rahbarligidagi “Nurbuloq Asilbek biznes baraka” MChJda bugungi kunda 11 nafar I–II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar doimiy ish bilan ta’minlangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilingani uchun psixolog xizmatini tashkil etish harajatlarini qoplash maqsadida MChJga BHMning 10 baravari miqdorida subsidiya ajratildi.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish maqsadida 3 nafar I–II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs kamida uch oy davomida rasmiy ish bilan ta’minlanib, ularga mehnatiga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravari miqdorida ish haqi to‘landi. Ushbu yo‘nalishda har bir ishchi uchun 3 813 000 so‘mdan, jami 11 439 000 so‘m miqdorida subsidiya berildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash nafaqat ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, balki jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi. Davlat tomonidan yaratilgan bunday imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralari tadbirkorlarni ijtimoiy mas’uliyatga undab, inklyuziv mehnat bozorini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Eldor BARAKAEV,

Nurobod tumani "Inson" ijtimoy xizmatlar markazi shu’ba  mudiri.