Endokrin kasalliklarni erta aniqlashda nimalar muhim?
Urgut tumanida Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Samarqand filiali tomonidan sog‘liqni saqlashning birlamchi tizimida faoliyat yuritayotgan hamshiralar uchun seminar-trening tashkil etildi. Seminarda diabetoldi holati, ikkinchi tur qandli diabet, semizlik va yod tanqisligi kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash, davolash hamda doimiy nazorat qilish haqida so‘z yuritildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh hamshirasi L.Mirtazayeva, markazning Samarqand filiali xodimlari Yu.Abduroziqova hamda I.Alimova diabet oldi holatini erta aniqlash mezonlari va xavf omillari, ikkinchi tur qandli diabetning klinik belgilari, asoratlari va profilaktik choralari, semizlikning kelib chiqish sabablari hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish yuzasidan ma’ruza qildilar.
Mutaxassislar tomonidan patronaj hamshiralarga zamonaviy diagnostika usullari, dori vositalarini to‘g‘ri qo‘llash, bemorlarni dispanser nazoratiga olish va individual yondashuv bo‘yicha tavsiyalar berildi.