O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda kichik modulli reaktorlar qo‘llanilishi o‘rganiladi — “O‘zatom”

Kecha, mamlakatimiz hukumati delegatsiyasining Shanxaydagi EXPO-2024 ko‘rgazmasidagi ishtiroki doirasida Atom energiyasi agentligi rahbariyati China National Nuclear Corporation (CNNC) sho‘ba korxonasi, Xitoy Milliy yadro korporatsiyasi Overseas Ltd bosh direktori Vey Fuqi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari belgilab olindi hamda atom energetikasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, uzoq muddatli hamkorlik tashabbuslar istiqbollari muhokama qilingan.

Tashrif yakunida CNNC bilan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik qilish, Xitoyning atom elektr stansiyalari qurilishidagi ilg‘or tajribasini o‘zlashtirish imkoniyatlari muhokama qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonda Xitoy kichik modulli reaktorlarining (KMR) qo‘llanilishini o‘rganish, uran rudasini qazib olish, qayta ishlash, shuningdek, ishlab chiqarishni kengaytirish sohasidagi hamkorlik va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlarni eksport qilish va keyinchalik atom elektr stansiyalarida yoqilg‘idan foydalanish masalalarida kelishuvga erishilgan.

“Xitoy tomoni O‘zbekiston Respublikasida yadro dasturini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga to‘xtala turib, Xitoy tomoni yadro texnologiyalarining barcha yo‘nalishlarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.