Kattaqo‘rg‘ondagi xotira tadbirida o‘qituvchi-ustozlar xotirasi yodga olindi

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 47-maktabda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘ziga xos bo‘ldi. Faxriy jurnalist Ra’no Sohibova tashabbusi bilan maktabga turli yillarda rahbarlik qilganlar xotirasi yodga olindi. Ular hayotiga bag‘ishlangan panno va qaydlarni maktab jamoasi va Omonkalxat qishlog‘i ahli hurmat bilan ko‘zdan kechirdilar.

O‘quvchilar Vatan, Tinchlik, Inson qadri haqida she’rlar o‘qigan davrada ilm maskaniga rahbarlik qilganlarning yaxshi fazilatlari, fidoyiliklari haqida so‘z bordi.

- Otam Qarshi Sohibov Narpaydagi Olchin qishlog‘ida tug‘ilgan va pedagogika institutini bitirgach, qishlog‘idagi maktablarda ishlagan, - dedi R.Sohibova. - Keyin u kishini eng chekka hududlarga yuborishgan. Nuroboddagi Sepki, Past Darg‘omdagi Chimboyobod qishloqlari maktablarida rahbarlik qilgan. Omonkalxatda esa maktab qurilishiga bosh bo‘lgan va keyin unga direktorlik qilgan.

Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda  xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev ta’limdagi islohotlar mohiyati va inson qadri haqida so‘z yuritdi hamda maktab kutubxonasiga kitoblar hadya qildi.