O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Jo‘raqulova 80 yoshda
Mehnat daftarchasiga 60 yildan beri Samarqand viloyat musiqali drama teatri aktrisasi, degan yozuv turganining o‘zi bir jasorat! 60 yil bir joyda ishlash, bu – fidoyilik, ko‘pchilikka ibratdir!
Shunday aktyorlar bo‘ladiki, ular ijro etgan rollari orqali millatining, xalqining yuragi to‘ridan munosib o‘rin oladi. Ularning rol ijro etayotgan davridagi va ijod zavqi chog‘laridagi ko‘nglidan taralayotgan nur tomoshabinlar qalbini zabt etadi, ijobiy qahramonlarining xislatlari tomoshabinga ma’lum ma’noda yuqadi.
Ra’no Jo‘raqulova ko‘p yillar davomida Samarqand teatrida Mahbuba (“Sadoqat”), Muhabbat (“Muhabbat tantanasi”), Meli (“Ezop”), Lochinoy (“Bir qizga ming oshiq”), Axsha (“9-pokiza”), Ivetta (“Kuraj ona”), Qimmat (“Rustam”), Parizod (“Semurg‘”), Ofat (“Qaynona”), Qorasoch (“Qorasoch”), Gulchehra (“Ko‘rmayin bosdim tikanni”), Maysara (“Maysaraning ishi”), Guluza (“Isqirt satang”), Dezdemona (“Otello”), ShenDe, Shoyda (“Sichuandan chiqqan mehrubon”), Afandining xotini (“Afandi va azroil”), Ona malika (“Quyosh farzandi Spitamen”), Abbi (“Muhabbat fojiasi”), Safiya (“Oxirgilar”), Halima “Qitmir”..., Volida (“Imom Buxoriy”), Turkon xotun (“Samarqandnoma”), Oydana (“Bir o‘lib ko‘raychi”), Tekle (“Xonuma”), Shirin aya (“Shirin nayrang”), Bibixonim (“Bibixonim”), Ona (“Yalangto‘sh Bahodir”), Shifokor (“Oqqush qo‘shig‘i) rollari orqali el suygan aktrisaga aylangan va xalqimiz qalbidan munosib joy olgan.
Bugun “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Jo‘raqulova 80 yoshni qarshilyapti.
Doimo yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, kerakli maslahat-u tanbehlarini ayamaydigan, sahnani sevib, ijod qilishdan charchamaydigan, sahnada javlon uradigan kamtarin ustozni qutlug‘ yoshi bilan samimiy tabriklab, yangi rollar ijrosida kuch-quvvat tilab qolamiz!