O‘zbekistonlik MMA jangchisi vafot etdi
Qo‘l jangi va sportning jangovar sambo turlari ustasi, so‘nggi paytlarda o‘zini MMA’da sinab ko‘rayotgan o‘zbekistonlik sportchi, 28 yoshli Bekzod Nurmatov hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda "Olamsport" nashri ma’lum qildi.
Nurmatov joriy yilning 4 oktyabr kuni Chechenistonning Grozniy shahrida Rossiyaning Absolute Championship Akhmat MMA-promoushen tomonidan tashkil etilgan ASA 100 yubiley turnirida ishtirok etgan edi.
Bekzod Nurmatov hakamlar qaroriga ko‘ra, mezbon sportchi Beslan Isayevga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Hakamlardan ikki nafari Isayev, yana biri Nurmatovning g‘alabasini yoqlagandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kursanti, qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempioni, bir necha bor jahon kubogi sohibi bo‘lgan 28 yoshli Bekzod Nurmatovning professional faoliyatidagi ko‘rsatkichi 11-2 edi.
Hozircha Bekzod Nurmatovning o‘limi sabablari ma’lum emas. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning o‘limiga insult, ya’ni miyaga qon quyilishi sabab bo‘lgan.