O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar uchun ijara huquqi e’tirof etildi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi, o‘ninchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiya ishini Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.
Dastlab o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda 2018 yil 1 mayga qadar o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga va yer uchastkalariga huquq berishni tartibga soluvchi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan va 2024 yil 8 noyabrdan kuchga kirgan.
Viloyat kadastr organlari tomonidan dastlabki xatlov natijalariga ko‘ra, viloyatda 400 mingdan ortiq fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlari e’tirof etilmaganligi aniqlangan.
Qonunning 13-moddasiga asosan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish har yilgi reja asosida amalga oshiriladi. Reja-jadval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taklifiga ko‘ra, kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan va https://etirof.kadastr.uz/ saytida e’lon qilingan.
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Sattorovning qayd etishicha, mazkur reja-jadvalga ko‘ra, viloyatimizda 2024 yilda 47 ta, joriy yilning birinchi choragida esa 75 ta mahallada xatlov ishlari olib borilishi belgilangan bo‘lsa-da, 1 aprel holatida 47 mahallada bu ish amalga oshirilgan.
Xususan, Samarqand shahrida shu paytgacha 39 mahallada xatlov o‘tkazilishi rejalashtirilganiga qaramay, 2 tasidagina bu jarayon kechgan.
Sessiyada reja-jadval bo‘yicha xatlov ishlarini har bir mahallada o‘z vaqtida olib borish zarurligi ta’kidlandi.
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan vakolatli tashkilotlar xulosasi asosida qonun bo‘yicha dastlabki 30 nafar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqni e’tirof etish to‘g‘risida Kengash qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori A.Muhammadiyevning viloyat ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida gaz ta’minoti tizimini yaxshilash borasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Deputatlar tabiiy gaz va suyultirilgan gaz yetkazib berishda mavjud muammolar bo‘yicha mas’ulga savollar berib, o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarov joriy yilning birinchi choragida viloyatda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar, jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.
Qayd etilishicha, amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan, hisobot davrida viloyat bo‘yicha umumiy jinoyatlar 848 tadan 2169 taga ko‘paygan. Bu jinoyatlarning 885 tasi (41 foizi) axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan, ya’ni fuqarolar telefon qo‘ng‘iroqlari yoki internet orqali firibgarlar tuzog‘iga tushib qolgan
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 1261 nafar ayolga himoya orderi berilib, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilgan (o‘tgan yil birinchi choragida 470 nafar ayolga shunday order berilgan). Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning 6 nafarini voyaga yetmaganlar, 330 nafarini yoshlar tashkil qildi.
Yilning birinchi choragida viloyatdagi 1126 mahallaning 815 tasida jinoyat sodir etilmagan. Jinoyat qayd etilgan 311 ta mahallaning 63 tasi “qizil”, 248 tasi “sariq” toifadagi mahallalar hisoblanadi.
Ayollar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bu turdagi jinoyatlar 50 tadan 44 taga kamaydi.
Kun tartibiga muvofiq, davlatimiz rahbarining 2024 yil 20 dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida Bulung‘ur tumanini jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladigan 28 ta loyihani moliyalashtirish uchun 70 milliard so‘m mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, sessiyada viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, Kengashning qarorlari qabul qilindi.