O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga mehnat guvohnomasi beriladi
Joriy yilning 9 iyul kun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.
O‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar – xizmatlar ko‘rsatishni, ishlar bajarishni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan va yollanma mehnatdan foydalanmaydigan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini rasmiylashtirgan shaxslardir.
Mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga ko‘ra 1 oydan 12 oygacha muddatga, mehnat organlari tomonidan fuqarolarning doimiy yashash joyidan qat’iy nazar beriladi.
Arizalar 3 kunda ko‘rib chiqiladi.
Guvohnomada ko‘rsatilgan davr pensiyani hisoblab chiqarish uchun fuqarolarning mehnat stajiga kiritiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga banklardan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armalari hisobiga imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi.