«Yagona milliy mehnat tizimi» dasturida ma’lumotlar nega yangilanmayapti?
Yoxud Afrika xalqlarining igbo, sesoto, zulu, shona, chicheva tillari xorijiy tillarni bilish darajamizni belgilaydimi?
Prezidentimizning 2019 yil 31 oktyabrdagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalari tizimi, amaldagi shartnomalarga o‘zgartirish kiritish va tugatish «Yagona milliy mehnat tizimi» (YaMMT)da majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi belgilangan.
Mehnat munosabatlarini YaMMTda ro‘yxatdan o‘tkazish mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, barcha ish beruvchilar, xususiy korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun majburiy ekanligi qayd etilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi direksiyasi tashkil etildi. Direksiya tomonidan dasturni rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha qator ishlar olib borilib, joylarda viloyat bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasining mas’ul xodimlari tomonidan o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Yo‘riqnomalar ishlab chiqilib, maxsus telegram guruhlari ochildi.
Ish beruvchilar tomonidan dasturga ma’lumotlarni joylashtirish ishlari 2019 yilning dekabrida boshlangan bo‘lsa-da, dastur tashkiliy-texnik jihatdan to‘liq shakllantirilmagan. Jumladan, dasturga xorijiy oliy o‘quv yurtlari, MDH mamlakatlarida tahsil olgan xodimlarning (diplomlari nostrifikatsiya qilingan bo‘lsa ham) ma’lumotlarini kiritish yo‘lga qo‘yilmagan. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bank moliya akademiyasi bitiruvchilarining ma’lumotlarini hanuzgacha kiritishning iloji yo‘q.
Dasturda xodimlarning sobiq ittifoq davridagi mehnat faoliyati, faoliyati to‘xtatilgan korxonalar, xorijda ishlaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham haligacha joylanmagan. Mehnatga ishbay haq to‘lash tizimi nazarda tutilmagan.
Xodimlarning qarindosh-urug‘lari to‘g‘risidagi ma’lumot pasport seriyasi va tug‘ilgan sanasi bo‘yicha kiritiladi, qarindoshlarining yashash joyi va ish joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ichki ishlar boshqarmasi axborot bazasidan kelib chiqadi. Ammo aksariyat hollarda xodimning qarindosh-urug‘larining ish joyi to‘g‘risidagi eski ma’lumotlar bazada yangilanmagan holatda qolmoqda.
Dasturning til bilish darajasini belgilash qismida dasturchilar tomonidan Janubiy Afrika xalqlarining igbo, sesoto, zulu, shona, chicheva tillari, sun’iy esperanto, bugun yozuvigina saqlanib qolgan lotin tillarining kiritilgani ham kishining ensasini qotiradi.
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi direksiyasi mas’ullari yuqorida keltirib o‘tilgan muammolarni bartaraf etishiga umid qilamiz.
Dilfuza XOLMIRZAYeVA,
viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi.