Issiq kunlarda korxonalarda ishlayotgan xodimlarga qanday sharoit yaratilishi kerak?

Bugungi kunda mamlakatimizda issiq harorat kuzatilyapti. Bunday ob-havo sharoitida korxonalarda ishlayotgan xodimlarga ish beruvchilar tomonidan belgilangan tartibdagi mikroiqlim bo‘yicha shart-sharoit yaratib berish talab etiladi.

Birinchidan, yengil, I kategoriyali ishlarda havo harorati 24-27 daraja, havoning nisbiy namligi 40-60 foiz va havo harakati tezligi 0,1-0,2 m/sdan oshmasligi, o‘rta og‘irlikdagi II kategoriyali ishlarda havo harorati 22-25 daraja, havoning nisbiy namligi 40-60 foiz va havo harakati tezligi 0,3 m/sdan oshmasligi, og‘ir III kategoriyali ishlarda havo harorati 21-23 daraja, havoning nisbiy namligi 40-60 foiz va havo harakati tezligi 0,4 m/sdan oshmasligi lozim (Ish kategoriyasi - organizmning umumiy energiya sarfi asosida ishlarning og‘irlik darajasini farqlash, degani).

Mehnat kodeksining 211-moddasi hamda “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq, barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lishi kerak. Bunday sharoitlarni yaratib berish ish beruvchining majburiyatiga kiradi.

Ish beruvchi tomonidan havoning issiq harorati yuqori darajasi vaqtida binolarda miqroiqlim sharoitini yaxshilaydigan uskunalarning (konditsioner, ventilyasiya, ishlab chiqarish maydonlarga o‘rnatilgan quruq havoni namlashtirish uskunalari va boshqalar) faoliyatini ta’minlashi va nazorat qilish, texnik jihatdan bunday uskunalarni o‘rnatish va ishlatish imkoni bo‘lmagan taqdirda xodimlarning ish rejimini o‘zgartirish va dam olish vaqtlarini ko‘paytirish yoki ish vaqtini qisqartirilishi, xodimlarni bepul toza ichimlik (minerallangan) suv bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi lozim.

Mehnat sharoitlari bo‘yicha yilning issiq davrida ochiq maydonlarda bajariladigan ishlar ish kategoriyasiga muvofiq havo harorati 34,2-36,0 darajadan yuqori bo‘lganda inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli hisoblanib, mazkur holatda ish rejimini o‘zgartirgan holda, ya’ni ish vaqtini kunning salqin vaqtlariga ko‘chirgan holda ishni tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Agarda xodim ochiq maydonda (qurilish maydonlarda, dalalarda) faoliyatini amalga oshiriyotgan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan mavsumga mos bo‘lgan himoya vositalari ajratilishi, ish rejimini o‘zgartirilishi (dam olish vaqtlarini uzaytirish yoki ishlash soatlarini o‘zgartirishi yoki vaqtincha ishni to‘xtatishi, ish vaqtning qisqartirilishi), shuningdek xodimlarni bepul toza ichimlik (mineral) suv bilan ta’minlanishi lozim.

Shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolinadi.

Korxonadagi bunday ishlarning ro‘yxati va ularni bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq (tarif) kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi, agar ular tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib olingan holda amalga oshiriladi.

Mehnat kodeksining 219-moddasiga muvofiq, xodim ish jarayonida o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolganligi to‘g‘risida ish beruvchiga darhol xabar qilishi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlagan taqdirda ish beruvchi bu holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi, agar zarur choralar ko‘rilmasa, xodim o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqlidir. Ana shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolishi bo‘yicha talablar belgilangan.

Usmon Karimov,

Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnat inspeksiyasining Samarqand viloyati bo‘yicha mehnat texnik inspektori.