Davlat mehnat inspektorlari 2021 yilda 3296 ta qonunbuzarlik holati aniqlagan, 1,6 milliard so‘mdan ziyod ma’muriy jarima qo‘llagan

Bu haqda Zarnews.uz ga viloyat mehnat bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari - bosh davlat mehnat huquq inspektori Sh.Xoliqulov ma’lum qildi.

“2021 yilda davlat mehnat inspeksiyasi va tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari davlat mehnat huquq inspektorlari tomonidan 829 ta tekshirish o‘tkazilgan, 3296 ta qonunbuzarlik holatlari aniqlangan, 1 646 167,0 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan, - dedi u. - Tekshirishlar davomida 5 nafar fuqaro ishga tiklandi, 17 nafar fuqaroning 42 804,0 ming so‘m miqdoridagi ish haqlari undirib berildi.

 Qonunbuzarliklarning aksariyat qismi elektron mehnat shartnomalari tuzish, ish haqini o‘z vaqtida to‘lash, mehnat ta’tillari berish, bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni o‘z vaqtida va belgilangan tartibda taqdim etmaslik bilan bog‘liq masalalarga oid bo‘ldi”.

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan qo‘llanilgan ma’muriy jarimalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismiga asosan (mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzish) 571 510,0 ming so‘m hamda MJtKning 229-moddasi 1-qismiga asosan (bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish) 947 240,0 ming so‘m miqdorida qo‘llanilgan.

“Bu davrda 852 ta murojaat ko‘rib chiqilib, shundan 598 murojaat bo‘yicha fuqarolarning huquqi tiklangan, 254 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan.

Shuningdek, davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 34 nafar fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab ishga tiklash va ish haqini undirish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan va 24 nafar fuqaro ishga tiklangan, bundan tashqari 10 nafar fuqaroning 80 169,0 ming so‘mlik ish haqi undirib berilgan”, dedi Sh.Xoliqulov.